Erondagi O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan yordam Turkiya OAV e’tiborida
Mart 05, 2026. 16:32 • 2 daq
• 77
ANQARA, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Yaqin Sharqda vaziyat og‘irlashib borayotgan bir vaqtda O‘zbekiston hukumati tomonidan Erondagi fuqarolarimiz xavfsizligi va evakuatsiyasini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirgan ishlari turk OAV diqqat markazida bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Turkiyadagi “Sözcü”, “Haberler”, “Ege Alternatif” kabi yetakchi nashrlarda bu holat keng yoritildi. Turk matbuotida yozilishicha, O‘zbekistonning Ashxoboddagi elchixonasi Erondagi diplomatik vakolatxonasi, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi va boshqa tegishli muassasalar bilan hamkorlikda Erondagi O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish jarayoni tashkil etilgan.
Evakuatsiya jarayonida Erondagi 13 nafar o‘zbekistonlik Eron–Turkmaniston chegara o‘tish punkti orqali O‘zbekistonga yo‘naltirilgan.
Xabarlarda “O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mintaqadagi o‘z fuqarolariga faqatgina rasmiy ma’lumotlarga tayanishni, diplomatik vakolatxonalar bilan aloqada bo‘lishni, mahalliy tartib-qoidalarga rioya qilishni va Yaqin Sharqdagi xavfsizlik vaziyatining yomonlashuvi sababli rasmiy hujjatlarini doimo yonida olib yurishni maslahat bergani” ham qayd etilgan.
Shuningdek, “O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolaridan Yaqin Sharq mamlakatlariga rejalashtirilgan sayohatlarini keyinga qoldirishni so‘radi. Saudiya Arabistoniga Umra ziyoratlari to‘xtatilganini e’lon qilib, Jidda va Madinadagi fuqarolar uchun ham evakuatsiya jarayonini boshlanishini bildirdi”, deya ma’lumot keltirilgan maqolalarda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi