Turkiya OAV O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazini ziyorat qilishga chorlamoqda
Mart 05, 2026. 15:28 • 3 daq
• 12
KONYA, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz poytaxtidagi ulug‘vor maskan – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida turk OAV ko‘plab maqolalar chop etilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, “Yangi Konya” (“Yeni Konya”) gazetasida “Toshkentdagi ulug‘vor majmua: Islom sivilizatsiyasi markazi” sarlavhali maqola e’lon qilindi.
Maqolada yozilishicha, O‘zbekistonda ilmiy-ma’rifiy, tarixiy-madaniy va fan-texnologiya jabhalaridagi yuksalish, islohotlar, investitsiyalar bobidagi loyihalar jadal davom etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev va yuqori martabali davlat amaldorlarining ilmiy va madaniy tajribalari, milliy-ma’naviy tasavvurlari va kelajakka doir uzoqni ko‘ra olishlari ko‘plab loyihalarda yaqqol ko‘rinib turibdi.
Ana shunday yirik tashabbuslardan biri – mart oyi oxirida ochilishi rejalashtirilgan Islom sivilizatsiyasi markazi noyob va muazzam loyiha bo‘lib, chinakam ulug‘vor inshoot va san’at asari hisoblanadi. O‘zbekistonda bir jihatdan mavjud boy madaniy meros – tarixiy yodgorliklar asrab-avaylanib, ta’mirlanayotgani holda, ikkinchi tomondan qadimiy me’morchilikka mos uslubda yangi va ulug‘vor binolarning qurilishi va qad rostlashi diqqatga sazovordir.
Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidan keyin qadimiy me’morchilikka an’analari bilan uyg‘un ravishda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi o‘tmishdan hozirgi kungacha bo‘lgan voqea va hodisalar haqida hikoya qiluvchi, o‘zbek xalqining kelajakka doir ufqlaridan darak beruvchi ulug‘vor maskan sifatida namoyon bo‘ladi. Markazning ichki va tashqi me’moriy tuzilishi qatorida, unda aks etgan teran ma’no-mazmun ziyoratchini hayratga soladi.
Markazning poydevori 2018-yil Ramazon oyida qo‘yilgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘sha paytda Islom sivilizatsiyasi markazi Ramazon oyida qurila boshlangani katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagandi.
Materialda ta’kidlanishicha, ushbu muhtasham markaz 2026-yil Ramazon hayiti arafasida ochilib, hayit kunlari ilk ziyoratchilarini qabul qiladi. Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans davrining noyob durdonasi bo‘lgan ushbu markaz, o‘tmishdagi sivilizatsiyalar, islom tamaddunini yuksak nafosat va yuqori texnologiyalar bilan namoyish etuvchi bir qancha bo‘limlarga ega.
Ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalarda nashr etilgan markazga oid rasmlardan anglash mumkinki, bu yer – ko‘rgazmalar maydonchasi, muzey, tadqiqot bo‘limlari, yirik kutubxona va qo‘lyozmalar xazinasini o‘zida jam etgan mukammal majmuadir. Markaz haqidagi bir nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev shunday degandi: “Ushbu markazni tashkil etishdan maqsad islom ilmlarini to‘g‘ri o‘rganish va ajdodlarimizning buyuk merosini ham xalqimizga, ham jahon hamjamiyatiga yetkazishdir”.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, uzunligi 161 metr, eni 118 metr va balandligi uch qavatli bo‘lgan markaz an’anaviy me’moriy an’analarni milliy naqsh san’ati bilan uyg‘unlashtirgan dizayn konsepsiyasi asosida qurilgan. Markazning to‘rt tomonida 34 metr balandlikdagi arkadalar va markazida 65 metr balandlikdagi ulug‘vor gumbaz mavjud.
Markaz o‘rtasida Qur’oni karim zali joylashgan bo‘lib, unda musulmon dunyosining eng nodir ma’naviy xazinalaridan biri: hazrati Usmon Mushafi, Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmiylar va Temuriylar davrlariga oid Qur’oni karim nusxalari, Qur’onning Chig‘atoy tilidagi tarjimalari va qo‘lyozmalarining noyob namunalari saqlanadi.
Islom sivilizatsiyasi markazining barpo qilinishida ilmiy, me’moriy va madaniy jihatdan 40 dan ortiq mamlakatdan 1500 nafardan ortiq mutaxassislar o‘z hissa qo‘shdi. Mazkur ulug‘vor manzil so‘nggi yillarda yangi O‘zbekistonda erishilgan ilmiy va madaniy muvaffaqiyatlarni mukammal darajada aks ettiradi. Toshkentga tashrif buyuruvchilarga bu yerni albatta ziyorat qilishlarini tavsiya qilamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi