Nyu-York sudi AQSH ma’muriyatining 75 mamlakat, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolariga immigratsion vizalar berish taqiqini bekor qildi

Avgust 22, 2026. 15:30 • 2 daq

1
Nyu-York sudi AQSH ma’muriyatining 75 mamlakat, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolariga immigratsion vizalar berish taqiqini bekor qildi

VASHINGTON, 22-avgust. /“Dunyo” AA/. Nyu-York Janubiy okrugi federal sudi AQSH ma’muriyatining 75 davlat fuqarolariga immigratsiya vizalarini berishni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The New York Times” nashriga tayanib.

Sudya Jennet Vargas mazkur siyosatni “ochiq-oydin qonunga xilof” deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vizalarni arizachining fuqaroligi asosida berishni taqiqlash AQSHning federal immigratsiya qonunchiligiga zid hisoblanadi.

Joriy yil yanvar oyida kuchga kirgan cheklovlar Lotin Amerikasi, Bolqon, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Afrika, Yaqin Sharq hamda Karib havzasi davlatlarini qamrab olgan.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ham mazkur ro‘yxatga kiritilgan. Shuningdek, cheklovlar Afg‘oniston, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Belarus, Moldova va Sharqiy Yevropaning qator boshqa davlatlari fuqarolariga ham tatbiq etilgan.

AQSH Davlat departamenti vizalar berishni to‘xtatishga ushbu davlatlar fuqarolarining mamlakatda davlat resurslariga qaram bo‘lib qolish xavfi yuqori ekanini asos qilib keltirgan.

Ma’muriyat qaroridan norozi bo‘lgan huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar, immigratsiya vizasiga da’vo qiluvchilar hamda qarindoshlarining AQSHga ko‘chib o‘tishini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan amerikalik fuqarolar sudga murojaat qilgan.

Sudning mazkur qarori AQSHda amaldagi ma’muriyatning immigratsiya siyosatini qat’iylashtirishi yuzasidan davom etayotgan sud jarayonlarining navbatdagi bosqichi bo‘ldi. AQSH Davlat departamenti hozircha sud qarori yuzasidan rasmiy munosabat bildirmagan.

“Bloomberg” saytidan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish