Toshkent 16 ta davlat ishtirokidagi tog‘-kon sanoati xalqaro ko‘rgazmasiga mezbonlik qiladi

Oktabr 12, 2026. 12:00 • 2 daq

• 62
Toshkent 16 ta davlat ishtirokidagi tog‘-kon sanoati xalqaro ko‘rgazmasiga mezbonlik qiladi

QOHIRA, 12-oktabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 27–29-oktabr kunlari Toshkent shahrida “MiningMetals Uzbekistan 2026” – 20-Xalqaro “Tog‘-kon ishi, metallurgiya va metallga ishlov berish” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Misrning “Al-Youm Al-Saba” onlayn nashriga tayanib.

Tashkil etilganiga 20 yil bo‘lgan mazkur ko‘rgazma sanoat yangiliklarini namoyish etish, tajriba almashish hamda tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlarida ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun O‘zbekistondagi yetakchi ixtisoslashtirilgan maydonlardan biri hisoblanadi.

Hozirda Avstraliya, Belarus, Germaniya, Eron, Ispaniya, Qozog‘iston, Kanada, Xitoy, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Rossiya, Serbiya, Turkiya, O‘zbekiston, Finlyandiya va Estoniya kompaniyalari o‘zlarining ishtirokini rasman tasdiqladilar.

Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarga zamonaviy tog‘-kon texnikasi va uskunalari, metallurgiya hamda metallga ishlov berish texnologiyalari, rudani tashish va qayta ishlash yechimlari, shuningdek, raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirish va sanoat xavfsizligi tizimlari taqdim etiladi.

Anjumanning muhim jihatlaridan biri sifatida Germaniya milliy stendi, shuningdek, Xitoy va Turkiya ishlab chiquvchilarining kengaytirilgan ekspozitsiyalari tashkil etilishi kutilmoqda. O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan yetakchi mahalliy korxonalar va tarmoq tashkilotlari ishtirokida alohida milliy stend ham barpo etiladi.

Shuningdek, ishbilarmonlik dasturi doirasida “Resurslardan global imkoniyatlarga sari” shiori ostida O‘zbekistonning VIII Xalqaro tog‘-metallurgiya forumi — UIMF 2026 o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda Markaziy Osiyo tarmoq kompaniyalari, davlat organlari vakillari, investorlar, texnologik kompaniyalar hamda ilmiy-tadqiqot institutlari qatnashadi.

Mazkur ko‘rgazma va forum xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, kasbiy tajriba almashish, investitsiyaviy imkoniyatlarni o‘rganish hamda O‘zbekistonning mintaqaviy va global bozorlar bilan sheriklik aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish