O‘zbekiston Skandinaviya davlatlari bilan fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda
Noyabr 12, 2026. 10:30 • 2 daq
• 114STOKGOLM, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Shvetsiyada Skandinaviya mamlakatlari ish beruvchilari, rekruting kompaniyalari va yuridik tashkilotlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar O‘zbekiston elchixonasida an’anaviy va onlayn formatlarda bo‘lib o‘tdi.
“SIA BRIGG” kompaniyasi bilan uchrashuvda Shvetsiya mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sohalarga O‘zbekistondan malakali mutaxassislarni jalb qilish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar nomzodlarni birgalikda saralash, ularni kasbiy tayyorlash va til o‘rganishga tayyorlash bo‘yicha pilot loyihani ishlab chiqishga kelishib oldi hamda hamkorlik memorandumini imzoladi.
Norvegiyaning “VIZNOR” kompaniyasi bilan onlayn uchrashuvda ushbu davlat qishloq xo‘jaligi sohasiga mavsumiy va doimiy ishchilarni yuborish, ish ruxsatnomalarini rasmiylashtirish tartibi muhokama qilindi. Kompaniya o‘zbekistonlik nomzodlar va ularni ishga yollovchi norvegiyalik ish beruvchilarga huquqiy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Migratsiya agentligi va “VIZNOR” o‘rtasida imzolangan memorandum asosida amaliy ishlarni boshlashga kelishib olindi.
Daniyaning “SPIRAS” kompaniyasi vakillari bilan mamlakat ish beruvchilarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji hamda o‘zbek mutaxassislarini ishga joylashtirishning amaliy mexanizmlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar bo‘sh ish o‘rinlari va malaka talablari bo‘yicha muntazam axborot almashib borishga kelishib oldi.
“Dairy Soft” loyihasi asoschisi, vatandoshimiz Bahodir Tillabayev hamda ushbu loyiha doirasida Skandinaviya fermalarida ishlayotgan yoshlar bilan onlayn uchrashuv o‘tkazildi. 2025–2026-yillarda 100 nafarga yaqin bitiruvchi talaba chorvachilik va parrandachilik fermer xo‘jaliklarida amaliyot o‘tagani hamda ishga joylashgani qayd etildi. Prezidentimiz yaratib berayotgan yangi imtiyoz va sharoitlardan foydalangan holda, yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirish imkoniyatlari muhokama qilinib, kelgusi rejalar belgilab olindi.
Shvetsiyaning “Niro” advokatlik kompaniyasi bilan uchrashuvda Shvetsiya Migratsiya agentligi orqali ish ruxsatnomalarini olish, mehnat shartnomalarining huquqiy kafolatlari va xorijda ishlayotgan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bu yo‘nalishda doimiy hamkorlik o‘rnatishga kelishildi.
Shvetsiya institutining “Global Professionals” magistratura stipendiya dasturi g‘oliblari bo‘lgan o‘zbekistonlik talabalar bilan onlayn muloqot o‘tkazilib, akademik mobillikni kengaytirish va Shvetsiyada tahsil olgan yoshlar salohiyatidan hamkorlikda foydalanish masalalari muhokama etildi.
Erishilgan kelishuvlar yurtdoshlarimizning Skandinaviya mamlakatlari mehnat bozorlariga qonuniy va uyushgan tarzda kirishi uchun yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasining Shvetsiyaga tashrifi davom etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



