Germaniyada o‘zbekistonlik mehnat migrantlari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi
Noyabr 12, 2026. 11:30 • 2 daq
• 83
FRANKFURT-MAYN, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Germaniyaning “SBH West” kompaniyasida yuk avtomobillari va avtobus haydovchilari sifatida ishlayotgan 60 nafar O‘zbekiston fuqarosi ishtirok etdi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili Nurillo Turambetov ham muloqot jarayonida qatnashdi. U milliy va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash muhimligi, internetdagi radikal targ‘ibotga tanqidiy ko‘z bilan qarash zarurligi hamda taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etishning huquqiy oqibatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Suhbat davomida buzg‘unchi kuchlar va soxta diniy guruhlarning yoshlar hamda mehnat migrantlarini ekstremistik faoliyatga jalb qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda qo‘llayotgan usullariga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv qatnashchilari diniy shiorlar niqobi ostida tarqatilayotgan da’vatlarga aldanib qolmaslikka chaqirildi.
Muloqot chog‘ida insonparvarlik tamoyillarini chuqur anglash va ajdodlar ma’naviy merosiga ehtirom bilan munosabatda bo‘lish zarurligi ta’kidlandi. Mazkur masalalar diniy-ma’rifiy asoslar va hayotiy misollar orqali tushuntirildi.
Bosh konsulxona diplomatlari profilaktik tadbirlar bilan bir qatorda, vatandoshlarga dolzarb konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha amaliy ko‘mak ham ko‘rsatdi. Xususan, konsullik hisobiga turish tartibi yuzasidan maslahatlar berildi.
Ishtirokchilar xorijdagi diniy amaliyot, Germaniya migratsiya qonunchiligiga rioya etish hamda diplomatik vakolatxona tomonidan konsullik-huquqiy yordam olishga oid savollariga atroflicha javob oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi