“The Pioneer”: O‘zbekiston–Germaniya hamkorligida yangi imkoniyatlar ochilmoqda
Fevral 01, 2026. 11:36 • 2 daq
• 24
BERLIN, 1-fevral. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning siyosiy-iqtisodiy yo‘nalishda yetakchi “The Pioneer” onlayn nashrida Svetlana Alekseyeva-Kryugerning O‘zbekiston–Germaniya hamkorligida bag‘ishlangan tahliliy maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, 2025-yilda Bryusselda imzolangan tarixiy hujjat - O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamkorlik aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etgan.
“O‘zbekiston bugun izchil islohotlar va raqamli texnologiyalar sohasidagi rivojlanishlar tufayli xomashyo yetkazib beruvchi davlatdan raqamli texnologiyalar markaziga aylanmoqda. Bu esa, Germaniya hamda Yevropa Ittifoqi uchun iqtisodiy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochadi”, deya fikr bildirgan nemis jurnalisti.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston nafaqat “Ipak yo‘li”dagi tarixiy maskan, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik investitsion xab sifatida eʼtirof etilmoqda. Xorij ekspertlari O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish surʼatlaridan hayratda ekanini bildirmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda iqtisodiyotda barqaror o‘sish kuzatilayotgani, YAIM yiliga 5 foizdan ortiq o‘sgani, 2024-yilda 6,5 foizni tashkil etgani aytilgan.
Iqtisodiyot faqat xomashyoga bog‘lanib qolmay, sanoat va innovatsiyalarga yo‘naltirilmoqda. Xizmat ko‘rsatish sohasi, ayniqsa IT-autsorsing xizmatlar eksporti dinamik o‘sish yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
Maqolada IT sektori mamlakatning “Raqamli O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasining markaziy bo‘g‘ini sifatida ko‘rsatiladi. 2024-yilda mamlakatning IT-autsorsing xizmatlar eksporti ilk bor bir milliard AQSH dollaridan oshgani eʼtirof etiladi.
Muallif O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida IT-eksport hajmini 2030-yilgacha 5 barobarga oshirish imkoniyati borligini taʼkidlaganini alohida qayd etadi.
“German Economic Team” eksperti Garri Polushkinning taʼkidlashicha, 2020-yildan beri IT-sektor har yili o‘rtacha 42 foizga o‘sib bormoqda. O‘zbekiston endilikda IT-xizmatlarning sof eksportchisiga aylangan (asosiy importyorlar AQSH va Buyuk Britaniya).
Nashrda IT-parkning roli “innovatsiyalar motori” sifatida taʼriflangan. Xususan, unda hozirda 3000 dan ortiq firma ro‘yxatdan o‘tgani, ulardan 800 tasi xorijiy kompaniyalar ekani keltiriladi. Muallif nemis kompaniyalari eʼtiborini xorijiy mutaxassislar uchun yaratilgan imtiyozlar, yaʼni “IT-viza”, soliq imtiyozlari va “Zero Risk” dasturlariga qaratadi.
Qayd etilishicha, Germaniya sanoati uchun O‘zbekistonning zarur xomashyo zaxiralari o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Mis, volfram, litiy, magniy va vanadiy kabi noyob metallar zaxiralari Germaniyaning “yashil” energiyaga o‘tish strategiyasi uchun zarur.
O‘zbekiston bugungi kunda dunyo mamlakatlariga “Made in Uzbekistan” brendi ostida “IT-Outsourcing” xizmatlarini nemis kompaniyalariga taqdim etmoqda. Bu germaniyalik kompaniyalar uchun IT xizmatlardan foydalanish sohasida katta imkoniyatdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
