“The World News”: Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yagona transport makonini shakllantirmoqda
Iyul 25, 2026. 10:00 • 2 daq
• 90
ISLOMOBOD, 25-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” onlayn nashrida “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: yagona transport makonini shakllantirish istiqbollari” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonning transport-logistika sohasidagi hamkorligi mintaqaviy savdoning barqarorligini taʼminlash, transport marshrutlarini diversifikatsiya qilish va Yevroosiyo makonida iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishning muhim omiliga aylanib borayotgani taʼkidlangan.
Nashrda yozilganidek, Ozarbayjon geografik joylashuviga ko‘ra, Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa davlatlari bilan bog‘lovchi ko‘prik hisoblanadi. O‘z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlari Ozarbayjon uchun Xitoy va Janubiy Osiyoning jadal o‘sib borayotgan bozorlariga chiqish imkoniyatini ochib beradi. Mana shunday o‘zaro to‘ldiruvchanlik uzoq muddatli transport-logistika hamkorligi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
“Ushbu hamkorlikning markazida Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi (O‘rta yo‘lak) turadi. So‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishga bo‘lgan eʼtibor izchil ortib bormoqda: 2025-yil yakuniga ko‘ra, O‘rta yo‘lak orqali umumiy yuk tashish hajmi 4,7 mln tonnadan oshdi. So‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston yuklarining O‘rta yo‘lak orqali tashish hajmi ikki barobarga o‘sib, 2025-yil yakuniga kelib 1,3 mln tonnaga yetdi”, – deyilgan manbada.
O‘zbekiston yuklari uchun Transkaspiy transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmini 1,5 million tonnaga yetkazish maqsadida qo‘shma ishchi guruh uchrashuvlari muntazam o‘tkazilib, Kaspiy dengizi orqali yuk tashish salohiyatini kengaytirish va yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar, shuningdek, kema xarid qilish masalalari muhokama qilib kelinmoqda.
Shuningdek, 2024-yilda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Tojikiston temir yo‘l idoralari ishtirokida “Yevroosiyo transport marshruti” assotsiatsiyasining tashkil etilgani yo‘lakdagi logistik to‘siqlarni tezkor bartaraf etishning institutsional platformasini yaratdi.
Material xulosasida “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi transport-logistika sohasidagi strategik sheriklik mintaqalarni o‘zaro bog‘labgina qolmay, butun Yevroosiyo makonida yuk tashish zanjirlarining barqarorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda”, – deb yozilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi