“The World News”: O‘zbekiston dunyodagi ikkinchi eng tez o‘sayotgan va Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi deb eʼtirof etilmoqda
Yanvar 22, 2026. 09:00 • 2 daq
• 24
ISLOMOBOD, 22-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” elektron nashrida “O‘zbekiston: 2026-yil uchun raqamli texnologiyalar va startap ekotizimlarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishgani xabar qilingan.
“Taqdimotda so‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va innovatsion ekotizimni shakllantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilgani qayd etildi, – deyilgan maqolada. – Xorijiy ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, 2024-2025 yillarda mamlakatdagi startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati 3,9 milliard dollarga yetdi. Mahalliy startaplarning soni 750 tadan oshdi. Hozirgi kunda 15 ta venchur fond faoliyat yuritmoqda, venchur kapital hajmi esa 180 million dollardan oshdi”.
Pokiston elektron nashrida taʼkidlanishicha, O‘zbekiston dunyodagi ikkinchi eng tez o‘sayotgan va Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi deb eʼtirof etilmoqda.
Taqdimotda 2030 yilga qadar startaplarning sonini 5 mingtaga, eksport bozorlariga chiqqan startaplarning sonini 200 taga yetkazish, venchur investitsiyalarning hajmini 2 milliard dollarga olib chiqish maqsad qilingani taʼkidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda elektron davlat xizmatlarini yanada rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi, deb taʼkidlangan.
Raqamli xizmatlar sonini 900 tagacha yetkazish, “MyGov.uz” mobil ilovasining funksionalini kengaytirish, 50 tadan ortiq xizmatlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, Aholining yagona reyestrini ishlab chiqish, tadbirkorlik subyektini ochish, yakka tartibdagi tadbirkorlik xodimlarini hisobga qo‘yish, bank plastik kartasini ochish, sim-karta olish, sug‘urta va reklama xizmatlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda sunʼiy intellekt texnologiyalari uchun infratuzilma yaratish ishlarining borishi haqida ham Davlat Rahbariga axborot berildi. Mamlakat hududlarida zamonaviy data-markazlar tarmog‘ini kengaytirish, maʼlumotlar xavfsizligi va uzluksizligini taʼminlash zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, taqdimotda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
“The World News” eʼlon qilgan maqolada yozilganidek, O‘zbekiston Prezidenti raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvini samarali qilish va aholi hayoti sifatiga bevosita taʼsir ko‘rsatishini taʼkidlab, belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
