“News Network Pakistan”: O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari xalqaro standartlar asosida o‘tkazilmoqda
Yanvar 21, 2026. 14:17 • 2 daq
• 59
ISLOMOBOD, 21-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “News Network Pakistan” elektron nashrida “Prezident Shavkat Mirziyoyevga aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekistonda demografik jarayonlar, mehnat resurslari, ijtimoiy infratuzilma va hududiy rivojlanishni ilmiy asosda rejalashtirish maqsadida aholini ro‘yxatga olish jarayonlari xalqaro standartlar asosida, zamonaviy raqamli yechimlardan foydalangan holda amalga oshirilmoqda.
“Ro‘yxatga olish joriy yilning 15-yanvaridan 28-fevraligacha ikki bosqichda o‘tkazilmoqda. 15–31-yanvar kunlari davom etadigan birinchi bosqichda fuqarolar maxsus axborot tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Ikkinchi bosqichda esa 4–28-fevral kunlari “mahalla yettiligi” xodimlari tomonidan uyma-uy yurib, savolnomalar planshet qurilmalari orqali to‘ldiriladi”, – deya maʼlum qilingan maqolada.
Taʼkidlanganidek, aholini ro‘yxatga olish jarayonlari census.stat.uz portalida amalga oshirilib, OneID tizimi orqali identifikatsiya qilinishi belgilangan.
Aholini xabardor qilish va targ‘ibot ishlariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 110 ta targ‘ibot videoroligi, 600 ta televizion lavha tayyorlandi, ijtimoiy tarmoqda 6,3 mingta, aholi gavjum joylar va jamoat transportlarida 23 mingdan ziyod axborot materiallari joylashtirildi.
“O‘zbekiston Prezidenti aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini sifatli o‘tkazish, maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash va ulardan qaror qabul qilish jarayonlarida keng foydalanish muhimligini taʼkidladi”, – deya urg‘ulangan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
