Logo

“Ammon News”: O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlariga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi

Yanvar 08, 2026. 12:22 • 2 daq

116
“Ammon News”: O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlariga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi

AMMON, 8-yanvar. /“Dunyo” AA/. Iordaniyaning nufuzli “Ammon News” elektron nashrida “O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlariga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanishicha, Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif doirasida N.A.Rimskiy-Korsakov nomidagi Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iz Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirilgan.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin huzurida xalqaro mukofotni uning hayʼati raisi, Mariinskiy teatri badiiy rahbari va bosh direktori, Rossiya Katta teatri bosh direktori, dirijyor Valeriy Gergiyev topshirdi.

Uch mamlakat yetakchilari ushbu nufuzli mukofotga Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun sazovor bo‘ldi.

Hakamlar hayʼatining qarorida taʼkidlanganidek, 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida uchta davlat rahbarlari Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma va Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasini imzoladi. Shu bilan xalqaro huquq ustuvorligiga asoslangan umumiy xavfsizlikni taʼminlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv hamda hamkorlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi.

Ushbu mukofot insonparvarlik g‘oyalariga sadoqatni ifodalashi va Markaziy Osiyoni tinchlik, farovonlik hamda bunyodkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi umumiy hissaning eʼtirofi ekani taʼkidlandi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilishi uch mamlakat xalqlarining siyosiy irodasi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka intilishi tufayli bo‘lgani qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish