Turkiyada o‘zbek noni haqidagi videorolik 18 million marta tomosha qilindi
Yanvar 08, 2026. 09:34 • 1 daq
• 168
ANQARA, 8-yanvar. /“Dunyo” AA/. Bugungi kunda turistlarni mamlakatga jalb etishda zamonaviy vositalar, xususan, blogerlarning qisqa va taʼsirli videoroliklari muhim ahamiyatga ega, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qardosh turk xalqi ham “Ota yurt”ning qadriyatlarini tarannum etishda mazkur imkoniyatlardan keng foydalanmoqda. Turkiyalik bloger Dog‘a Rehbering (Doğa Rehbering)ning YouTube sahifasida eʼlon qilingan “O‘zbekiston noni” (Özbekistan Ekmeği) nomli videorolik 2 oy muddat ichida 18 milliondan ortiq marta tomosha qilingan.
“Hayotimda ilk bor O‘zbekistonni ko‘rdim va hayratda qoldim. Shunchaki “non” deyishga til bormaydi, haqiqiy sanʼat asari bu. Shunchalik go‘zal bezatiladiki, ushbu videoda siz ham guvohi bo‘lishingiz mumkin”, – deb o‘zbek nonini eʼtirof etadi bloger.
Dog‘a Rehbering O‘zbekiston nonlarining turfa xillarini madh etarkan, “Hatto baʼzi nonlar lagan kattaligida tayyorlanadi. Ayrim nonlar ichiga go‘sht ham qo‘shiladi. Pishish jarayonida xamr go‘sht bilan mukammal taʼmga ega bo‘ladi”, – deya taʼriflaydi.
O‘z sharhi nihoyasida bloger “Qarang, nonvoy nonga bezak berishda davom etmoqda. Sizningcha, birgina non uchun bunchalik jon kuydirish naqadar to‘g‘ri?! Baʼzilar shuncha ovoragarchilikka ne hojat deyishi ham mumkin. Ammo bu – ushbu zaminning madaniyati va qadriyatidir. Hozir dimog‘imga xushbo‘y hidi urib turibdi. Taʼriflashga til ojiz!”, – deydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi