“Times of Oman”: Hindiston va O‘zbekiston strategik yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirmoqda
Avgust 04, 2026. 18:00 • 2 daq
• 45
MASKAT, 4-avgust. /“Dunyo” AA/. Hindiston Prezidenti Draupadi Murmu Dehlidagi rasmiy qarorgohi Rashtrapati-Bxavanda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Omanning “Times of Oman” nashriga tayanib.
Draupadi Murmu Hindiston va O‘zbekistonni ikki mamlakatni bog‘lab turgan qadimgi savdo yo‘llariga borib taqaluvchi chuqur tarixiy, madaniy va sivilizatsion rishtalar o‘zaro bog‘lab turishini taʼkidladi. U arxitektura, til, pazandachilik, musiqa va diniy anʼanalardagi mushtarak meros ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilib kelayotganini qayd etdi.
Prezident tog‘-kon sanoatida, ayniqsa, kamyob yer minerallari sohasida, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini urg‘uladi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida tobora rivojlanayotgan iqtisodiy hamkorlik hamda Hindiston–O‘zbekiston biznes forumi haqida fikr-mulohaza almashildi. Ikki davlat vakillari o‘rtasidagi ortib borayotgan ishonch va izchil kengayayotgan savdo-investitsiyaviy sheriklik eʼtirof etildi.
Taʼlim sohasidagi aloqalar xususida so‘z yuritgan Prezident 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislar va talabalar Hindiston texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi (ITEC) hamda stipendiya tashabbuslaridan bahramand bo‘lganini maʼlum qildi.
Shuningdek, u hozirda 16 mingdan ortiq hindistonlik talaba O‘zbekistonda oliy maʼlumot olayotganini qayd etib, ularni ikki mamlakat o‘rtasidagi xalqlararo aloqalarni mustahkamlaydigan va o‘zaro anglashuvni chuqurlashtiradigan muhim ko‘prik deb atadi.
Uchrashuvda ko‘p yillik do‘stlikka tayangan holda, iqtisodiy va taʼlim sohalaridagi sheriklikni kengaytirish, shuningdek, strategik tarmoqlarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Hindiston va O‘zbekistonning mushtarak maqsadlari alohida taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi