Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi

Sentabr 25, 2026. 12:30 • 2 daq

• 81
Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi

ANQARA, 25-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ilhom Haydarov Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) raisi Abdulla Eren bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi texnik ko‘mak loyihalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, Qoraqalpog‘istonning qishloq hududlarida tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va tezkor tashxislashni ta’minlash tashabbusi doirasida 12 ta tumandagi tibbiyot muassasalariga mobil ultratovush apparatlari topshirildi.

Shuningdek, Andijon viloyatidagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Mehribonlik uyi”ni jihozlash ishlari yakunlandi. Bundan tashqari, Buxorodagi Ark qal’asi hududida joylashgan masjidni restavratsiya qilish uchun zarur ruxsatnomalar olindi va yaqin vaqt ichida ishlarni boshlash rejalashtirilgan.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan loyiha doirasida oktabr–noyabr oylarida mamlakat hududlaridagi tug‘ruq bo‘limlariga 35 ta neonatal inkubator, texnikumlarga esa 35 ta interaktiv doska yetkazib berish rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi tashabbusi bilan ikki mamlakat Tashqi ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

TİKA 61 mamlakatda dasturlarni muvofiqlashtiruvchi 63 ta ofis orqali faoliyat yuritadi va 170 dan ortiq mamlakatni qamrab olgan faoliyat doirasida 33 mingdan ortiq loyiha va tadbirlarni amalga oshirgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish