“Kiersi Kaukaz”: Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp o‘rtasidagi muloqotlar darajasi alohida ahamiyatga ega
Noyabr 05, 2026. 20:55 • 2 daq
• 93
VARSHAVA, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Kierunek Kaukaz” axborot-tahliliy portalida “Donald Tramp O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtiryaptimi?” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
AQShning global hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampollining yaqinda Toshkentga tashrifi chog‘ida televideniyega bergan intervyusida O‘zbekiston Donald Tramp safar qilishni rejalashtirayotgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgani haqidagi fikrlari ushbu maqolaning yozilishiga turtki bo‘ldi.
“Bilaman, u O‘zbekistonga kelishni xohlaydi. Prezident menga O‘zbekistonga borish niyatida ekanini aytdi. Umid qilamizki, bu tashrif imkon qadar tezroq amalga oshadi. Biroq Prezidentning ish jadvali juda tig‘iz bo‘lgani sababli tashrifning aniq sanasi hozircha ma’lum emas”, – deya ta’kidladi Paolo Zampolli.
Amerikalik diplomatning baholashicha, prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp o‘rtasidagi muloqot darajasi alohida ahamiyatga ega.
Nashrning yozishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika yetakchisini bir necha bor mamlakatga taklif qilgan. AQSh ma’muriyati so‘nggi paytlarda mintaqaning eng muhim foydali qazilmalaridan foydalanish imkoniyatiga ustuvor ahamiyat qaratgan holda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni mustahkamlab kelmoqda.
Portalda AQSh O‘zbekistonning mintaqaviy aviatsiya xabiga aylanish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotganini alohida qayd etilgan.
Toshkent xalqaro aeroporti 2026-yilning dastlabki olti oyida 5,4 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga ko‘pdir. Shuningdek, bu borada Samarqand, Buxoro va Termizda ham o‘sish kuzatilgan.
Maqolada “Boeing” kompaniyasining Markaziy Osiyoni eng muhim o‘sib borayotgan bozorlardan biri sifatida e’tirof etgan prognozi keltirilgan. 2025-yilda O‘zbekiston uzoq masofaga uchuvchi 22 ta “Boeing 777 Dreamliner” samolyotini xarid qilish majburiyatini olgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi