O‘zbekiston va Malayziya oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oktabr 24, 2026. 10:30 • 2 daq
• 57
KUALA-LUMPUR, 24-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Malayziyaning yetakchi universitetlari bilan oliy ta’lim, tadbirkorlik va zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi vakillari Sabah universiteti hamda Osiyo universiteti (AeU) bilan oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarini rivojlantirish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida turizm va mehmondo‘stlik, tibbiyot, muhandislik hamda kiberxavfsizlik kabi ustuvor yo‘nalishlarda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan dual ta’lim tizimini joriy etish bo‘yicha fikr almashildi.
Ishtirokchilar tadbirkorlik va elektron tijorat sohalarida akademik sheriklikning moslashuvchan dasturlarini amalga oshirish masalalarini ham muhokama qildi. Mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tadbirkorlik ta’limiga ixtisoslashgan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari joriy yilning 2–4-dekabr kunlari Malayziyada bo‘lib o‘tadigan “AiSED-2026” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Konferensiya doirasida o‘zbekistonlik oliy ta’lim muassasalari vakillari tadbirkorlik ta’limi sohasida erishilgan yutuqlar, innovatsion loyihalar hamda tijoratlashtirishga yo‘naltirilgan ishlanmalarni xalqaro hamjamiyatga taqdim etadi.
Mazkur hamkorlik tashabbuslari O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini yanada mustahkamlash, ilg‘or tajriba almashinuvini kengaytirish hamda oliy ta’lim, tadbirkorlik va innovatsiyalar sohalarida yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi