O‘zbekiston va Yaponiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Oktabr 19, 2026. 17:30 • 2 daq

• 177
O‘zbekiston va Yaponiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

TOKIO, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiya Tashqi ishlar vazirligida ushbu mamlakat tashqi siyosat idorasining Markaziy Osiyo, Kavkaz va GUAM mamlakatlari bo‘yicha maxsus vakili, Yevropa ishlari bo‘yicha byuro bosh direktori o‘rinbosari Tomoaki Ishigaki bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarini kelajak avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik ruhida yanada mustahkamlash istiqbollari, oliy va yuqori darajalarda erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ko‘rib chiqdi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv ishtirokchilari “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatini yanada rivojlantirish va bo‘lajak ikki tomonlama muloqotlarga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan ham fikr almashdi.

2027-yilda nishonlanadigan O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalasi alohida muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni ilgari surishdan har ikki tomon ham manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish