O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasida “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi va “Road Show” dasturi bo‘lib o‘tdi
Sentabr 29, 2026. 16:30 • 2 daq
• 94VARSHAVA, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakili Saidmurodxon Muydinov boshchiligidagi O‘zbekiston biznes-missiyasi Polshaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya a’zolari Varshava shahrida joylashgan “DTA Magazynier” yirik logistika va ombor majmuasi faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuvda Polshada o‘zbekistonlik eksportyorlar mahsulotlarini saqlash va tarqatish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, mahalliy mahsulotlarni Polsha orqali boshqa Yevropa davlatlariga reeksport qilish, shuningdek, elektron tijorat kanallari orqali to‘qimachilik va boshqa turdagi mahsulotlarni Yevropa bozorida sotish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasida oziq-ovqat, elektrotexnika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi 15 dan ortiq yirik Polsha kompaniyalari ishtirokida “Made in Uzbekistan” brendi ostida mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi va “Road Show” dasturi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbir dasturi doirasida elchixona diplomatlari O‘zbekistonning savdo va investitsiyaviy salohiyati haqida ma’lumot berdilar. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari o‘z tarmoqlaridagi korxonalar imkoniyatlarini taqdim etdilar. Shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida B2B formatida konstruktiv muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tashrif doirasida Polsha investitsiya va savdo agentligi (PAIH) bosh eksperti Eljbeta Bodio, Yatsek Mixalskiy, shuningdek, “Polsha — Osiyo” savdo palatasining Markaziy Osiyo bo‘yicha eksperti Edgar Skarjinskiy bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘tkazilgan B2B-muzokaralar yakunida Polshaga va u orqali Yevropa bozoriga 500 tonna muzlatilgan gilos, mayiz, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari, shuningdek, mis buyumlar va kabel mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Biznes-missiya natijasida mahalliy korxonalar uchun Yevropa bozoriga chiqishning yangi savdo va logistika kanallari shakllandi. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiquvchilarni Yevropa standartlari va ilg‘or ishlab chiqarish amaliyotlariga moslashtirishga qaratilgan amaliy hamkorlik mexanizmlari belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



