Edinburgda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyati e’tirof etildi

Noyabr 25, 2026. 18:00 • 2 daq

• 121
Edinburgda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyati e’tirof etildi
Edinburgda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyati e’tirof etildi

EDINBURG, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi delegatsiyasi Shotlandiyaga xizmat safari doirasida Edinburg shahridagi Milliy robototexnika markazida “Sovereign AI Power Index” reytingining rasmiy ishga tushirilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ochilish marosimida “Sovereign AI Power Index Ltd” (SAPI) tashkiloti asoschisi, Britaniya Parlamentining sobiq a’zosi Tasmina Ahmad-Sheyx nutq so‘zladi. Uning ta’kidlashicha, mazkur indeks mamlakatlarning nafaqat sun’iy intellekt sohasida qanday resurslarga ega ekanini, balki ulardan milliy ustuvor vazifalarni amalga oshirish yo‘lida qay darajada samarali foydalana olishini ham baholash imkonini beradi. Indeks hukumatlar, investorlar hamda akademik doiralar uchun muhim baholash mezoni bo‘lib xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Dastlabki tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi hozirgi ko‘rsatkichlari mintaqadagi umumiy mavqeiga nisbatan yuqoriroq baholangan va o‘xshash mamlakatlar bilan taqqoslaganda ijobiy natijalar qayd etilgan.

Jumladan, SAPI tomonidan O‘zbekistonning so‘nggi yillarda raqamli transformatsiya sohasida amalga oshirayotgan islohotlari yuqori baholanmoqda. Xususan, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda mamlakatni Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqni bog‘lovchi raqamli xabga aylantirish bo‘yicha belgilangan strategik maqsadlar O‘zbekistonning raqamli rivojlanish sohasidagi institutsional salohiyati izchil shakllanib borayotganini tasdiqlashi qayd etildi.

Tadbir yakunida indeks ishlab chiquvchilari bilan O‘zbekistonning mazkur reytingdagi o‘rnini yanada yaxshilash (hozirda 50 ta davlat orasida 28-o‘rin) borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda sun’iy intellekt bo‘yicha strategiyalar ishlab chiqishda hamkorlik qilishga kelishib olindi. Indeksda yuqori va mustaqil ravishda tasdiqlangan ko‘rsatkichga ega bo‘lish investorlar va xalqaro hamkorlar uchun mamlakatimizning global raqamli ekotizimdagi o‘rnini namoyon etuvchi muhim mezon bo‘lib xizmat qiladi.

“The Sovereign AI Power Index Ltd” kompaniyasi 2026-yil 16-martda Shotlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan. U tomonidan ishlab chiqilgan “Sovereign AI Power Index” mamlakatlarning sun’iy intellekt sohasidagi suveren salohiyatini baholovchi mustaqil xalqaro reyting va tahliliy baholash tizimi hisoblanadi. Indeks yagona va izchil metodologiya asosida 50 ta davlatning sun’iy intellekt sohasidagi imkoniyatlari hamda institutsional tayyorgarligini baholab, hukumatlar, investorlar va strategik qaror qabul qiluvchilar uchun tahliliy ma’lumot taqdim etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish