O‘zbekiston va Hindiston madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytiradi

Noyabr 26, 2026. 10:30 • 2 daq

• 32
O‘zbekiston va Hindiston madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytiradi

DЕHLI, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Elchixonasi tomonidan “Pathway Global Alliance” tashkiloti bilan hamkorlikda “Hindiston–O‘zbekiston sivilizatsiyalararo muloqoti” mavzusida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hindistonning Haryana shtati Gurugram shahridagi SGT universitetida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Sanjar Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Delegatsiya tarkibidan Madaniyat vazirligi vakillari, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, davlat xoreografiya akademiyasi hamda Samarqand universiteti professorlari joy oldi.

Hindiston tomonidan SGT universiteti raisi Shrimati Madhuprit Kaur Chavla, Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiya a’zosi, Javoharla’l Neru universiteti, SGT universiteti va Dehli universiteti professorlari, “Pathway Global Alliance” tashkiloti rahbariyati, ixtisoslashgan fakultetlar dekanlari hamda simulyatsiya laboratoriyasi vakillari qatnashdi.

Tadbir davomida sivilizatsiyalararo muloqot, madaniy o‘zaro bog‘liqlik hamda ularning mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishdagi ahamiyati muhokama qilindi. Tarixiy aloqalar, madaniy meros, muzeyshunoslik, arxeologiya, restavratsiya, adabiyot va til almashinuvini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, uyg‘unlik va inklyuziv rivojlanish g‘oyalari, jumladan, Shri Guru Ravidas Jining Buxorodagi izlarini tadqiq etish bilan bog‘liq “Begampura Dialogues” maxsus segmentiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv doirasida o‘zbekistonlik va hindistonlik tadqiqotchi-olimlar Gavhar Matyakubova, Hulkar Hamroyeva, Axlaq Ahan va Mandavi Singx hammuallifligida yozilgan “Lazgi” va “Kathak” raqslarining qiyosiy tadqiqi: tarixiy rivojlanishi va o‘xshashligi” nomli monografiya taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif davomida SGT universitetining laboratoriya bazasi va simulyatsiya stendlari bilan tanishdi. Oliy o‘quv yurtidagi “Synergy” maydoni ko‘zdan kechirilib, pavilonlar bilan tanishildi.

Tadbir yakunida tomonlar O‘zbekiston va Hindiston oliy ta’lim muassasalari, madaniyat va san’at sohasidagi ixtisoslashgan muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma madaniy dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish