Kembrij universiteti bilan sud-huquq sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Avgust 14, 2026. 09:30 • 2 daq
• 44
LONDON, 14-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov Kembrij universitetining “Judge Business School” biznes maktabi qoshidagi Muqobil moliya markazi direktor o‘rinbosari, professor Duglas Arner bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, sud hokimiyati mustaqilligi, odil sudlov samaradorligi hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Duglas Arner O‘zbekistonda sud-huquq yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Uning taʼkidlashicha, markazning faoliyati xorijiy investorlar uchun barqaror va qulay huquqiy muhit yaratish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda zamonaviy moliyaviy xizmatlar infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuvda Angliya va Uels umumiy huquqi (Common Law) tamoyillaridan foydalanishning ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Qayd etilganidek, ushbu yondashuv xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlash, tijorat nizolarini hal etishning shaffof va prognoz qilinadigan mexanizmlarini shakllantirish, markazning xalqaro moliya bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga zamin yaratadi.
Muzokaralar yakunida sudyalar malakasini oshirish, sud tizimida raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish va huquqiy institutlarni takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi