O‘zbekiston diplomatlari Yaponiyaning Xirosima prefekturasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi

Avgust 11, 2026. 11:00 • 3 daq

97
O‘zbekiston diplomatlari Yaponiyaning Xirosima prefekturasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi
O‘zbekiston diplomatlari Yaponiyaning Xirosima prefekturasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi
O‘zbekiston diplomatlari Yaponiyaning Xirosima prefekturasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi
O‘zbekiston diplomatlari Yaponiyaning Xirosima prefekturasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi
O‘zbekiston diplomatlari Yaponiyaning Xirosima prefekturasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi
O‘zbekiston diplomatlari Yaponiyaning Xirosima prefekturasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi
O‘zbekiston diplomatlari Yaponiyaning Xirosima prefekturasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi

XIROSIMA, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari xizmat safari doirasida Xirosima prefekturasi rahbariyati, yapon kompaniyalari hamda professional futbol klubi vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xirosima prefekturasi gubernatori Miko Yokota bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xirosima o‘rtasida parlamentlararo, iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalar faollashib borayotgani taʼkidlandi. Tomonlar, ayniqsa, Xirosima va Namangan viloyati o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Gubernator O‘zbekiston yoshlarini Xirosimada o‘tkaziladigan Global yoshlar forumida ishtirok etishga taklif qildi. Shuningdek, prefektura universitetlari bilan O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Muloqot davomida YUNESKOning madaniy meros obyektlarini asrash, restavratsiya qilish va boshqarish sohasida mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish masalasi ham muhokama qilindi. Tomonlar taʼlim, yoshlar almashinuvi, madaniyat, turizm va biznes sohalarida yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

“Chugoku Broadcasting” teleradiokompaniyasi prezidenti Yoshimi Miyasako bilan uchrashuvda joriy yil mart oyida efirga uzatilgan O‘zbekiston va Xirosima o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarga bag‘ishlangan maxsus dastur mahalliy aholi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otgani va yuqori baholangani qayd etildi.

Muloqot davomida Xirosima va Namangan viloyati teleradiokompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ham fikr almashildi. Xususan, yaponiyalik jurnalistlarning O‘zbekistonga tanishuv safarlarini tashkil etish hamda 2027-yilda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi doirasida qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

“Satake” kompaniyasi prezidenti Kadzuxisa Matsumoto bilan muzokaralar chog‘ida elchixona vakillari kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari va zamonaviy texnologiyalari bilan tanishdi. Uchrashuvda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida donni quritish, saqlash, tozalash va saralash texnologiyalaridan foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, Xorazm viloyatida guruchni qayta ishlash va saqlash bo‘yicha pilot loyihalarni ishlab chiqish, Yaponiyaga eksport qilinayotgan moshni zamonaviy optik uskunalar yordamida saralash taklif etildi.

“Satake” rahbariyati O‘zbekiston bozori va mavjud loyihalarni o‘rganishga qiziqish bildirdi. Tomonlar texnik muloqotni davom ettirish, aniq loyihalarni shakllantirish, shuningdek, servis xizmatlari va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.

“Balcom” kompaniyasi ijrochi direktori Akira Vada bilan uchrashuvda Yaponiya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, kadrlar tayyorlash va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tashabbuslar haqida maʼlumot berdi.

Namangan viloyatidagi “Ifoda Agro Kimyo Himoya” korxonasi bilan hamkorlik, O‘zbekiston yoshlarini Yaponiyada kasbiy tayyorlash hamda “BalcomUz” faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

Joriy yilda Xirosima shahrida ochilgan “Uzbekistan Palace” milliy restorani Yaponiyada O‘zbekiston madaniyati va milliy taomlarini keng targ‘ib etishga xizmat qilayotgani ham qayd etildi.

Uchrashuvda “Balcom” tajribasidan foydalangan holda Xirosima prefekturasidagi boshqa kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish haqida so‘z yuritildi. Namangan viloyati bilan amaliy biznes aloqalarini kengaytirish va kadrlar tayyorlash sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Elchixona vakillari professional futbol klubi “Sanfrecce Hiroshima” prezidenti Masayoshi Kubo bilan uchrashdi. Tadbirda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida sport, xususan, futbol sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari haqida suhbat bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonning “Neftchi” va “Sanfrecce Hiroshima” futbol klublari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, yosh futbolchilarni tayyorlash, shuningdek, futbol akademiyalari va murabbiylar o‘rtasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Yaponiya tomoni ushbu tashabbusga qiziqish bildirib, uni klubning sport va akademik yo‘nalishlari uchun masʼul mutaxassislar bilan birgalikda ko‘rib chiqishini maʼlum qildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida ikki klub va elchixona vakillari ishtirokida onlayn muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish