Rossiyaning Primorye o‘lkasida O‘zbekiston savdo uyini ochish masalasi muhokama qilindi
Avgust 10, 2026. 11:30 • 2 daq
• 182
VLADIVOSTOK, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsuli Hojiakbar Vahobov Primorye o‘lkasi sanoat va savdo vaziri Sergey Kalitin bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda tashqi savdo sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar haqida maʼlumot berdi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, jumladan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Primorye o‘lkasi hududiga eksport qilishni kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston savdo uyini ochish, milliy mahsulotlar shourumi va yarmarkalarini tashkil etish, tadbirkorlar ishtirokida o‘zaro biznes-missiyalar hamda Vladivostokda biznes-forum o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Sergey Kalitin O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdi.
Xususan, Primorye o‘lkasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan birgalikda bolalar va maktab mebellari, shuningdek, muzlatkich, konditsioner va televizorlar kabi bir qator elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish taklif qilindi.
Muzokaralarda tomonlar muhokama qilingan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va ikki hudud ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni faollashtirish bo‘yicha amaliy saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi