O‘zbekiston va BAA energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Noyabr 26, 2026. 20:30 • 2 daq
•
RAS-AL-XAYMA, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi diplomatlari Ras-al-Xayma amirligida bo‘lib o‘tgan “RAK Energy Summit 2026” xalqaro energetika sammitida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchinchi bor tashkil etilgan mazkur sammit energetika tarmog‘ining barqaror rivojlanishini ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish hamda xalqaro investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan nufuzli mintaqaviy maydonlardan biri hisoblanadi.
Bu yilgi sammit “Kelajakning barqaror energetika maqsadlarini shakllantirish va ularga erishishga ko‘maklashish” shiori ostida o‘tib, 2 mingdan ziyod ishtirokchi, 60 dan ortiq ma’ruzachi hamda ilg‘or texnologik yechimlarni taqdim etgan 75 ga yaqin kompaniyani birlashtirdi.
Tadbirda Ras-al-Xayma amirligi hukmdori Shayx Saud bin Saqr Al-Qosimiy, BAA energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Al-Mazruiy, Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha xalqaro agentlik (IRENA) bosh direktori Franchesko La Kamera, shuningdek, davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar va yetakchi kompaniyalar vakillari qatnashdi.
Sammit davomida global energetika o‘tishini jadallashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, energetika sohasiga investitsiyalar jalb qilish va uglerod neytralligiga erishish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida xalqaro konferensiyalar, munozaralar, G2B va B2B shakllaridagi ishbilarmonlik uchrashuvlari, shuningdek, energetika va sanoat sohasidagi innovatsion texnologiyalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Sammit doirasida BAAning qator yetakchi sanoat va investitsiya kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazilib, ularda O‘zbekistonning eksport, sanoat va investitsiyaviy salohiyati taqdim etildi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mis sim va mis quvurlarni BAA bozoriga yetkazib berish imkoniyatlarini o‘rganish, Farg‘ona viloyatida sanitariya-keramika buyumlari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihasini ishlab chiqish, shuningdek, Yangi Toshkent hududida ko‘chmas mulk sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi