O‘zbekiston va Pokiston hududlararo forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Iyul 12, 2026. 09:15 • 3 daq

55
O‘zbekiston va Pokiston hududlararo forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

ISLOMOBOD, 12-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokiston Bosh vaziri yordamchisi, Sanoat va ishlab chiqarish vaziri Xarun Axtar Xan hamda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning joriy holatiga bag‘ishlangan tadbirda Pokiston Investitsiyalarni rag‘batlantirish maxsus kengashi, Sanoat va ishlab chiqarish, Temir yo‘llar, Savdo, Iqtisodiy ishlar, Turizm vazirliklari, Pokiston Markaziy banki, Federal soliq qo‘mitasi va boshqa idoralar vakillari ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar hamda ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosi tahlil qilindi.

Tomonlar oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha belgilangan muhim yo‘nalishlar, jumladan, Islomobod shahrida “Bobur” bog‘ini barpo etish, Transafg‘on temir yo‘li loyihasini ilgari surish, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, preferensial savdo bitimini imzolash jarayonini jadallashtirish, banklararo hamkorlikni mustahkamlash va hududlararo aloqalarni faollashtirish masalalarini muhokama qildi.

Xususan, Islomobod shahrida barpo etilayotgan “Bobur” bog‘i qurilishi bo‘yicha ishlar jadal sur’atlarda davom etayotgani qayd etildi. Loyihani belgilangan muddatlarda yakunlash maqsadida qurilish materiallari va zarur jihozlarni yetkazib berishda uchrayotgan muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, barcha qurilish ishlarini muvofiqlashtirish yuzasidan tegishli idora va tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston tomoni “Toshkent – Islomobod” va “Toshkent – Lahor” yo‘nalishlarida haftasiga oltita to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov amalga oshirilayotganini ta’kidlab, mazkur reyslar ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik, turizm va gumanitar aloqalarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.

Shu bilan birga, o‘zaro savdo aylanmasi, investitsiyaviy hamkorlik va sayyohlar oqimini yana-da oshirish maqsadida Pokistonning yirik iqtisodiy markazi hisoblangan Karachi shahri bilan Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.

Pokiston tomoni mazkur taklifni ijobiy baholab, “Karachi – Toshkent” yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish imkoniyatlarini har tomonlama o‘rganishga va bu borada aniq amaliy takliflar ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, muhokamalar davomida Transafg‘on temir yo‘li loyihasi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash ishlarining borishi ko‘rib chiqildi. Loyihaning o‘z vaqtida amalga oshirilishi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi transport o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash, yuk tashish hajmini oshirish, logistika xarajatlarini qisqartirish hamda mintaqa tranzit salohiyatini sezilarli darajada yuksaltirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida preferensial savdo bitimini ishlab chiqishni tezroq yakunlash, banklararo hisob-kitob mexanizmlarini takomillashtirish va moliyaviy institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati, Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyalarining Pokistonga amalga oshirgan tashriflari davomida erishilgan kelishuvlar, xususan, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va tirik chorva mollarini O‘zbekistonga import qilish bo‘yicha kelishuvlarning ijrosi yuzasidan amaliy mexanizmlar ko‘rib chiqildi.

Pokiston Bosh vaziri yordamchisi Xarun Axtar Xan tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar va investitsiya loyihalarini qisqa muddatlarda amalga oshirish hamda ularning ijrosini qat’iy nazoratga olish yuzasidan tegishli vazirliklar, idoralar va kompaniyalarga aniq topshiriqlar berdi.

Yig‘ilish yakunida joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston–Pokiston hududlararo forumiga tayyorgarlik ishlari ham muhokama qilinib, mazkur tadbirni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish, uning amaliy natijadorligini ta’minlash hamda yangi investitsiya va savdo loyihalarini shakllantirishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish