Rossiyadan munosabat: O‘zbekiston–Belarus hamkorligi uzoq muddatli geosiyosiy sheriklik darajasiga ko‘tarildi
Iyul 11, 2026. 15:00 • 2 daq
• 148
MOSKVA, 11-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari vazifasini bajaruvchi, Yosh olimlar kengashi aʼzosi Aleksandra Perminova “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 8–9-iyul kunlari Belarusga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidentining Belarusga tashrifi ikki davlat o‘rtasida yillar davomida shakllanib kelayotgan sheriklik aloqalarini yana-da kengaytirdi. Bu galgi tashrif doirasida tashkil etilgan uchrashuvlarda asosiy eʼtibor sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishiga qaratildi.
Belarusda ishlab chiqarish sohasi rivojlangan. Mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi texnikasi, qayta ishlash va farmatsevtika yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston uchun savdo munosabatlarini kengaytirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat rahbarlari tomonidan Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi o‘zaro aloqalarni mustahkamlovchi muhim qadam bo‘ldi. Ikki tomonlama munosabatlar endi oddiy savdo doirasidan chiqib, uzoq muddatli geosiyosiy sheriklik formatiga ko‘tarildi.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi sheriklik aloqalarining kengayayotganini statistik raqamlar ham tasdiqlaydi. Xususan, o‘zaro savdo hajmi 2025-yilda 25 foizga, 2026-yilning birinchi choragida esa qariyb 50 foizga oshdi. Joriy yilda kutilayotgan 1 milliard dollarlik tovar ayirboshlash hajmini 2030-yilga qadar ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Belarus O‘zbekiston uchun xuddi Rossiya kabi tashqi siyosatdagi muhim hamkorlardan biri sanaladi. Ushbu yo‘nalishlarning o‘zaro uyg‘unligi O‘zbekistonning uzoq muddatli mintaqalararo hamkorlik jarayonlarini strategik asosda rivojlantirishning yangi bosqichiga chiqqanini ko‘rsatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi