Donald Tramp Eron bilan muzokaralar davom ettirilishini maʼlum qildi
Iyul 11, 2026. 15:30 • 2 daq
• 162
VASHINGTON-TEHRON, 11-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington va Tehron muzokaralarni davom ettirishga kelishib olganini maʼlum qildi. Biroq u tomonlar o‘rtasida ilgari amal qilgan o‘t ochishni to‘xtatish tartibi endi kuchda emasligini alohida taʼkidladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu bayonot mintaqada bir hafta davom etgan to‘qnashuvlardan so‘ng AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlikning yangi to‘lqini fonida yangradi. Hujumlar oqibatida Ho‘rmuz bo‘g‘ozida Qatar va Saudiya Arabistoniga tegishli tijorat kemalariga shikast yetkazilgan edi. Bunga javoban AQSH Eron obyektlariga zarbalar berdi, Eron esa Ko‘rfaz mamlakatlaridagi AQSH harbiy obyektlariga hujum uyushtirdi.
“Eron Islom Respublikasi bizdan muzokaralarni davom ettirishni so‘radi. Biz rozi bo‘ldik, ammo AQSH aniq shart qo‘ydi: o‘t ochishni to‘xtatish tartibi yakunlandi”, — deb yozdi Prezident o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Eron tomoni esa muzokaralar bo‘yicha AQSHga murojaat qilmaganini daʼvo qildi. Shu bilan birga, Tehron keskinlikni kamaytirish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni muhokama qilish uchun tashrif buyurgan qatarlik vositachini qabul qilishga rozi bo‘ldi.
Muzokaralarning asosiy masalalaridan biri — mojaro boshlangunga qadar jahon neft yetkazib berish hajmining qariyb beshdan bir qismi o‘tgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi xavfsizligini taʼminlash bo‘ldi. Vashington Erondan kemalarga hujum qilishni to‘xtatishni va hech qanday cheklovlar hamda bojlarsiz erkin o‘tishni taʼminlashni talab qildi. Tehron esa kemalar Eron tomonidan maʼqullangan yo‘nalishlar bo‘ylab harakatlanishi kerakligini talab etmoqda.
Donald Tramp, shuningdek, AQSH qurolli kuchlari uning hayotiga suiqasd uyushtirishga urinish sodir bo‘lgan taqdirda Eronga keng ko‘lamli zarbalar berishga shayligini bildirdi.
“Men anchadan beri birinchi raqamli nishon bo‘lib kelyapman. Men shunday yo‘riqnoma qoldirdim: agar menga biror narsa bo‘lsa, ularni ilgari hech qachon kuzatilmagan darajada bombalash kerak”, — dedi u “New York Post” gazetasiga bergan intervyusida.
Bundan oldin AQSH OAV Isroil go‘yoki Vashingtonga Eron tomonidan Donald Trampga suiqasd uyushtirish rejalashtirilayotgani haqida razvedka maʼlumotlarini taqdim etgani to‘g‘risida xabar tarqatgan edi. AQSH Prezidentining o‘zi bu xabarlarni rad etib, Isroil unga bunday maʼlumot bermaganini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi