Isroil nashri: Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekistonning global nufuzini oshirdi
Iyul 11, 2026. 16:00 • 2 daq
• 175
TEL-AVIV, 11-iyul. /“Dunyo” AA/. Isroilning “Kib.co.il” biznes nashrida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yetakchi investitsiya va moliyaviy markazlardan biri sifatidagi nufuzi tobora ortib bormoqda. Maqola muallifi, Ariel universiteti ilmiy xodimi Viktoriya Martinova O‘zbekistonda o‘tkazilgan forumda shaxsan qatnashganini taʼkidlab, tadbirning yuqori darajada tashkil etilganini qayd etdi.
Nashr maʼlumotiga ko‘ra, forumda 100 dan ortiq mamlakatdan minglab ishtirokchi, jumladan, hukumatlar, xalqaro moliyaviy institutlar, biznes doiralari, yetakchi xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan. Forum yakunida umumiy qiymati 43 milliard AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan 166 ta investitsiya bitimi imzolangan.
Maqolada forum energetika, transport, sanoat, raqamli iqtisodiyot, logistika, tog‘-kon sanoati va yuqori texnologiyalar sohalarida xalqaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylangani taʼkidlangan. Shuningdek, Markaziy Osiyoni xalqaro bozorlar bilan bog‘laydigan transport yo‘laklarini rivojlantirishga qaratilgan yirik infratuzilma loyihalariga alohida eʼtibor berilgan.
Materialda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi sezilarli darajada oshgani, xorijiy sarmoyalar oqimi ko‘paygani eʼtirof etilgan.
Maqolaning alohida qismi O‘zbekiston–Isroil hamkorligi istiqbollariga bag‘ishlangan. Unda o‘zbek biznes doiralari qayta tiklanuvchi energetika, qishloq xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, tog‘-kon sanoati hamda olmos sanoati tarmoqlarida Isroilning ilg‘or texnologiyalari va tajribasini jalb etishdan manfaatdor ekani taʼkidlangan. Shu bilan birga, mavjud qo‘shma loyihalar hamda yangi investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi maʼlum qilingan.
Nashr xulosasiga ko‘ra, V Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yana-da mustahkamlashga xizmat qildi hamda O‘zbekiston va Isroil o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam asos yaratdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi