Serbiya prezidenti iste’foga chiqdi, endi mamlakat bosh vaziri lavozimi uchun kurashadi
Sentabr 28, 2026. 13:00 • 2 daq
• 138
BЕLGRAD, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich navbatdan tashqari parlament saylovlarida ishtirok etish va bosh vazir lavozimiga da’vogarlik qilish niyatida ekanini bildirib, iste’foga chiqishini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Balkan Insight” portaliga tayanib.
Aleksandr Vuchich 2017-yildan beri prezident lavozimida ishlab kelgan va 2022-yil aprel oyida qayta saylangan edi. Uning ikkinchi muddati 2027-yilning o‘rtasida tugashi kerak edi. Biroq 2025-yil avgust oyidayoq u lavozimni muddatidan oldin tark etish rejalarini e’lon qildi va keyinchalik aniq sana – 27-sentabr kuni ekanini aytdi.
Sentyabr boshida u Xalq majlisini tarqatib yubordi va parlament saylovlarini 25-oktabrga belgiladi. Hukmron Serbiya taraqqiyparvar partiyasi “Birlashgan Serbiya” saylov ro‘yxatini boshqarishi va g‘alaba qozongan taqdirda hukumat rahbari lavozimiga da’vogarlik qilishini bildirdi.
Xalq majlisi raisi Ana Brnabich prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ladi.
Prezidentning iste’fosi Serbiyada 2024-yil noyabr oyida Novi-Sad shahridagi temir yo‘l vokzalida bostirma qulashi oqibatida 16 kishi halok bo‘lganidan keyin uzoq davom etgan norozilik namoyishlari fonida yuz berdi. Namoyishchilar fojia holatlarini tergov qilish va korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishni talab qilishdi.
Aleksandr Vuchich davrida Serbiya Rossiya va Xitoy bilan yaqin munosabatlarni saqlab qolgan holda, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirdi. Belgrad Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilmadi. Kosovo bilan munosabatlar mamlakat tashqi siyosatining asosiy masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 7–8-sentabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belgradga tashrif buyurib, Serbiya Prezidenti bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya hamda savdo, transport, mehnat migratsiyasi, investitsiyalar va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolagan.
“AP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi