O‘zbekiston va Shanxay xalqaro madaniy-texnologik sanoat parki investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda
Mart 29, 2026. 14:00 • 2 daq
• 4
SHANXAY, 29-mart. / “Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Xitoydagi Bosh konsulxonasida Shanxay xalqaro madaniy-texnologik sanoat parki boshqaruvi raisi Vaymin In bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot jarayonida turizm va investitsiya sohalarida ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shanxay xalqaro madaniy-texnologik sanoat parki Xitoy Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, madaniyat, ijodkorlik va turizmda raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha mamlakatda yagona milliy platforma hisoblanadi. Ushbu park “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida transchegaraviy savdo xizmatlarini ko‘rsatuvchi eksklyuziv operator sifatida ham faoliyat yuritadi.
Uchrashuvda Vaymin In O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari qurilishiga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Xitoy tomoni O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, so‘nggi yillardagi iqtisodiy islohotlari va Markaziy Osiyodagi mustahkam o‘rnini yuqori baholadi. Shuningdek, park rahbariyati O‘zbekistondagi istiqbolli loyihalar uchun manfaatdor investorlarni topish va turli taqdimotlar tashkil etishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston vakillari Xitoy hamkorlariga yurtimizdagi mavjud sarmoyaviy loyihalar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston diplomatlari shu yilning 29-aprel kuni Shanxayda bo‘lib o‘tadigan ixtisoslashtirilgan konferensiyaga taklif qilindi. Ushbu tadbir mamlakatimizning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatini namoyish qilish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash va Xitoy ishbilarmonlari delegatsiyalarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi