O‘zbekiston va Hindiston zargarlik sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Mart 27, 2026. 16:35 • 3 daq
• 148
DEHLI, 27-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Hindiston Qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari eksportini rag‘batlantirish kengashi (Gem & Jewellery Export Promotion Council - GJEPC) bilan hamkorlikda tashkil etilgan interaktiv uchrashuv zargarlik tarmog‘idagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
GJEPC 1966-yil Hindiston Savdo va sanoat vazirligi shafeligida tashkil etilgan va 7,5 mingdan ortiq hind kompaniyalarini birlashtirgan yirik nodavlat tashkilot hisoblanadi. Uning tuzilmasiga, shuningdek, zargarlarni tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashgan institutlar va dizayn markazlari ham kiradi. Bu esa kengashni zargarlik mahsulotlari bozoridagi yirik ishtirokchiga aylantirgan.
Tadbirda “O‘zbekzargarsanoat” uyushmasi va GJEPCga a’zo bo‘lgan kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Ushbu tashkilotning mintaqaviy raisi Antarpal Singh Savhney va mintaqaviy direktori Ashutosh Shrivastava Hindiston biznesining O‘zbekiston bilan sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish va kengaytirishga bo‘lgan qiziqishini tasdiqladi.
O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda tadbirkorlik va investitsiyaviy faoliyat uchun yaratilgan qulay sharoitlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sish namoyish etayotgani, zargarlik yo‘nalishi esa O‘zbekiston-Hindiston ko‘p qirrali hamkorligining muhim tarkibiy qismlaridan biriga aylanib borayotgani qayd etildi.
O‘z navbatida, “O‘zbekzargarsanoat” uyushmasi raisi Nodir Mirahmedov O‘zbekiston zargarlik tarmog‘ining bugungi holati va taraqqiyot salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotni namoyish etdi. Uchrashuv ishtirokchilariga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari, jumladan, investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish istiqbollari haqida ma’lumot berildi.
Savol-javoblar sessiyasi doirasida hind tadbirkorlari O‘zbekistonda biznes yuritishning o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan, zargarlik buyumlari bozorining salohiyati, qimmatbaho metallar va toshlar sifatiga qo‘yiladigan talablar, shuningdek, xomashyo ta’minoti masalalari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar oldi.
Rasmiy qismdan so‘ng, elchixona vakillari GJEPC qoshida faoliyat yuritayotgan institut va qimmatbaho toshlarni tadqiq qilish laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi.
Muzokaralar yakunida kelgusi hamkorlikka amaliy sur’at bag‘ishlovchi kelishuvlarga erishildi.
Xususan, tomonlar joriy yil iyun oyida Hindiston zargarlik kompaniyalari biznes-delegatsiyasining O‘zbekistonga safarini tashkil etish bo‘yicha yakdil fikr bildirdi. Bo‘lajak tashrif doirasida Hindiston kompaniyalari Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Bundan tashqari, tomonlar Hindistonning ixtisoslashgan institutlari ta’lim resurslari va tajribasini jalb qilgan holda, O‘zbekiston zargarlik sanoati uchun malakali kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi