Berlinda o‘zbek va ozarbayjon xalq ertaklari sahnalashtirildi
Mart 29, 2026. 12:00 • 2 daq
• 87
BERLIN, 29-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi Berlindagi “Q Galerie” ko‘rgazmalar uyi bilan hamkorlikda bolalar uchun o‘zbek va ozarbayjon xalq ertaklari hamda milliy o‘yinlari taqdimotini tashkil qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda nemis bolalar va ularning ota-onalari, vatandoshlarimiz va farzandlari ishtirok etdi.
Navro‘z ayyomi arafasida o‘tkazilgan tadbirda o‘zbek va ozarbayjon xalq ertaklari sahna ko‘rinishida, ertakchi Kristina Foygt tomonidan qiziqarli tarzda namoyish etildi.
Nemis tilida o‘qib berilgan “Ziyod botir”, “Ur to‘qmoq”, “Haqgo‘y tilanchi” kabi ertaklar orqali ishtirokchilar adolat, jasorat va aql-zakovatni ulug‘lovchi voqealar bilan tanishib, mamlakatimiz va o‘zbek xalq og‘zaki ijodi haqida maʼlumotga ega bo‘ldi.
Shuningdek, tadbirda tashkil etilgan mahorat darslarida bolalar ota-onalari bilan birga o‘zbek milliy matolaridan qo‘g‘irchoqlar yasash imkoniga ega bo‘lishdi.
Bundan tashqari, tabiat va bahor mavzusida toshlarga surat chizish, qog‘ozdan dekorativ buyumlar tayyorlash kabi mashg‘ulotlar ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida yosh vatandoshlarimiz va ularning ota-onalariga mamlakatimiz madaniyati va qadimiy urf-odatlari haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi