O‘zbekiston va Shri-Lanka o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Iyul 12, 2026. 12:00 • 2 daq
• 89
TOSHKENT, 12-iyul. /“Dunyo” AA/. Shri-Lanka tashqi ishlar, xorijiy bandlik va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Aruni Ranaraja boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrifi davomida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlash, o‘zaro investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Shri-Lanka o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, mavjud iqtisodiy salohiyatdan yanada samarali foydalanish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo hajmini oshirish, eksport va import tarkibini diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish hamda xususiy sektor vakillari ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi.
Turizm, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari, zargarlik sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda xizmatlar sohasi kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Hamkorlikni institutsional jihatdan yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Shri-Lanka Milliy savdo-sanoat palatasi o‘rtasida Anglashuv memorandumini imzolash taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Shri-Lanka tomoni o‘zbekistonlik tadbirkorlarni “Sri Lanka Expo 2027” xalqaro ko‘rgazmasida faol ishtirok etishga taklif qildi. Qayd etilishicha, mazkur nufuzli tadbir yangi biznes sheriklarini topish, xalqaro bozorlarga chiqish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, investitsiyaviy salohiyatni namoyish etish va uzoq muddatli tijorat aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydon hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan tashabbuslarni amaliy natijalarga aylantirish, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi muloqotni yanada faollashtirish va o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi