Qoraqalpog‘istonda Pokiston tajribasi asosida kartoshka yetishtiriladi

Iyul 10, 2026. 15:00 • 2 daq

93
Qoraqalpog‘istonda Pokiston tajribasi asosida kartoshka yetishtiriladi

LAHOR, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiyasi Pokistonga tashrifi doirasida Okara tumanidagi kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari Raud Saad Ajman bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida Qoraqalpog‘istonda Pokistonning ilg‘or tajribasini joriy etish orqali yuqori hosilli va sifatli kartoshka navlarini yetishtirish, sohada zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash hamda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Pokiston tomoniga Qoraqalpog‘iston hududida kartoshka yetishtirish bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifi bildirildi. Raud Saad Ajman mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi.

“Ushbu loyiha mamlakatlarimiz o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or texnologiyalar va tajribalar almashinuvini kengaytirishga xizmat qiladi”, – dedi u.

Muzokaralar davomida loyihani amalga oshirish uchun pokistonlik hamkorga Qoraqalpog‘istondan zarur yer maydoni ajratilishi maʼlum qilindi.

Shuningdek, ekish ishlarida foydalaniladigan yuqori sifatli urug‘lik kartoshka Niderlandiyadan olib kelinishi, iyul–avgust oylarida ikkinchi mavsum ekish ishlari boshlanishi munosabati bilan Raud Saad Ajmanning joriy yil iyul oyida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida Qoraqalpog‘istonda Pokiston tajribasi asosida kartoshka yetishtirish bo‘yicha Hamkorlik bitimi imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish