Pokiston Qoraqalpog‘istonda “aqlli” shaharlarni barpo etish va raqamli infratuzilmani rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi

Iyul 10, 2026. 10:00 • 2 daq

135
Pokiston Qoraqalpog‘istonda “aqlli” shaharlarni barpo etish va raqamli infratuzilmani rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
Pokiston Qoraqalpog‘istonda “aqlli” shaharlarni barpo etish va raqamli infratuzilmani rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
Pokiston Qoraqalpog‘istonda “aqlli” shaharlarni barpo etish va raqamli infratuzilmani rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi

LAHOR, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning Lahor shahriga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yirik investitsiya kompaniyalaridan biri – “HRL Group” bosh direktori Zahid Rafiq bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda Qoraqalpog‘istonda “aqlli” shaharlarni barpo etish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Xo‘jayli tumanida barpo etilayotgan Yoshlar shaharchasi hududida “IT Park”, “Data Center” va “Smart City” loyihalarini amalga oshirish taklifi ko‘rib childi. Mazkur loyihalar hududda innovatsion ekotizimni shakllantirish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish va axborot texnologiyalari sohasini yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

“HRL Group” rahbariyati kompaniya delegatsiyasi joriy yil aprel oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurib, hududning investitsiyaviy salohiyati hamda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishganini maʼlum qildi. Shuningdek, kompaniya mazkur investitsiya loyihalarini amalga oshirishga to‘liq tayyor ekanini tasdiqladi.

Kompaniya vakillarining aytishicha, Nukus shahrida quriladigan “IT Park”ning ishchi loyihasi to‘liq ishlab chiqilgan bo‘lib, uni amaliy bosqichga o‘tkazish uchun zarur tayyorgarlik ishlari yakunlangan. Bu esa loyihani qisqa muddatlarda amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

Uchrashuvda shuningdek, Nukus shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “Smart City” loyihasini real vaqt rejimida boshqarish imkonini beruvchi maxsus dastur O‘zbekiston tomoniga taqdim etildi. Ushbu raqamli yechim shahar infratuzilmasini samarali boshqarish, kommunal xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va aholi uchun qulay hamda xavfsiz shahar muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va “HRL Group” o‘rtasida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu hujjat Nukus shahrida “IT Park”, “Data Center” va “Smart City”loyihalarini amalga oshirishning keyingi bosqichlari, aniq vazifalar va amaliy chora-tadbirlarni belgilab beradi.

Shuningdek, “HRL Group” rahbariyati loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqish maqsadida yaqin vaqt ichida mutaxassislar guruhini Qoraqalpog‘istonga yuborishini, ajratilgan yer maydonlarining holatini o‘rganishini hamda har bir loyiha yuzasidan aniq texnik va tijorat takliflarini taqdim etishini maʼlum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish