O‘zbekiston YUNESKO Parij sammitida ekologik ta’lim tajribasini namoyish etdi
Iyul 12, 2026. 10:25 • 2 daq
• 9PARIJ, 12-iyul. /“Dunyo” AA/. YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida “Ta’limni transformatsiya qilish sammiti +4” bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda YUNESKO bosh direktori Xaled al-Anani, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad hamda xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdilar.
Sammitda mamlakatimiz delegatsiyasiga maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchilik qildi. U iqlim va ekologik ta’limga bag‘ishlangan sessiyada ma’ruza qildi.
Vazir o‘rinbosari o‘z nutqida maktabgacha, maktab va professional ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, o‘quv jarayonini raqamlashtirish, pedagoglar malakasini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni o‘z ichiga olgan islohotlar haqida so‘zlab berdi.
Muloqotda ekologik ta’limni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Iqlim va ekologiya mavzulari 7 ta maktab predmeti dasturiga, shuningdek, o‘qituvchilarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga integratsiya qilingani ta’kidlandi.
Sammit ishtirokchilariga O‘zbekistonning bu boradagi tashabbuslari, jumladan, 694 ta maktab va 100 mingdan ortiq o‘quvchini qamrab olgan “Ekologik maktablar” loyihasi, “Iqlimning yosh chempionlari” va “Yosh yashil elchilar” dasturlari, shuningdek, barqaror qishloq xo‘jaligi tamoyillarini o‘rgatishga qaratilgan “Yosh fermer” tashabbusi taqdim etildi.
Orolbo‘yi mintaqasi tajribasi ekologik muammolarning hayot sifati bilan bog‘liqligi hamda iqlim ta’limini rivojlantirish zarurligining muhim namunasi sifatida e’tirof etildi.
O‘zbekiston, shuningdek, YUNESKOning Ta’limni ekologizatsiya qilish sherikligiga qo‘shilgan holda ekologik ta’limni mustahkamlash istagini tasdiqladi va 2030-yilgacha mamlakatdagi maktablarning kamida 50 foizini “yashil maktablar”ga aylantirish maqsadini belgilab oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




