O‘zbekiston va AQSH texnologik va muhandislik sohalarida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba almashadi
Noyabr 21, 2026. 09:10 • 2 daq
• 38
NYU-YORK, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari AQSHning “Regeneron International Science and Engineering Fair” (Regeneron ISEF) ilmiy-ta’lim hamjamiyati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda ilmiy, texnologik va muhandislik yo‘nalishlarida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Amerika tajribasi asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari, shuningdek, o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining AQSHda o‘tkaziladigan ilmiy yarmarkalarda ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Amerika tomoni dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan ishtirokchilarni birlashtiruvchi, maktab o‘quvchilari uchun eng yirik xalqaro ilmiy-muhandislik platformalaridan biri bo‘lgan “Regeneron ISEF” faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Muzokaralar chog‘ida AQSHdagi milliy ilmiy yarmarkalar hamda loyihalarning ilmiy ekspertizasi va ustozlik (mentorlik) tizimini o‘z ichiga olgan ko‘p bosqichli saralash mexanizmiga alohida e’tibor qaratildi. Barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan eng istiqbolli o‘quvchilar “Regeneron ISEF” xalqaro finalida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.
Shuningdek, O‘zbekistonda ekspertizaning xalqaro standartlarini joriy etish, milliy ekspertlar va hakamlarni tayyorlash, o‘quvchilarning tadqiqot infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, qolaversa, ta’lim muassasalari, universitetlar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar mamlakatning ta’lim va ilmiy resurslarini birlashtiruvchi hamda istiqbolli o‘quvchilarni izchil qo‘llab-quvvatlashni ta’minlovchi ilmiy-texnologik iste’dodlarni rivojlantirish milliy tizimini shakllantirish masalasiga ham alohida to‘xtaldilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning iqtidorli maktab o‘quvchilarini xalqaro ilmiy-muhandislik tanlovlarida, jumladan, “Regeneron ISEF”da ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan milliy platformani yaratish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi