Jenevada O‘zbekistonning XMT bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Noyabr 19, 2026. 09:30 • 2 daq

• 206
Jenevada O‘zbekistonning XMT bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

JЕNЕVA, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. Shveysariya poytaxtida O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov boshchiligidagi delegatsiyaning Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Jilber Ungbo bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda mehnat munosabatlari sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston vakillari Jilber Ungboni ikkinchi muddatga qayta saylangani bilan qutlab, tashkilotning ustuvor vazifalarini ro‘yobga chiqarishda muvaffaqiyatlar tiladi.

XMT bosh direktori O‘zbekistonda munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash, xodimlarning huquqlarini himoya qilish va milliy qonunchilikni xalqaro mehnat standartlariga uyg‘unlashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yuqori baholadi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan joriy yil 12-noyabrda imzolangan, mehnat sohasida kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik kafolatlarini kuchaytirish hamda teng qiymatli mehnat uchun teng haq to‘lash tamoyilini qonunchilikda mustahkamlashni nazarda tutuvchi qonunga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan XMT o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarining rivojlanish sur’atidan mamnun ekanini bildirdi. Bosh direktor O‘zbekistonning tashkilot Ma’muriy kengashi faoliyatidagi faol va konstruktiv ishtirokini alohida e’tirof etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish