O‘zbekiston Prezidenti Bokuga amaliy tashrifini yakunladi

Oktabr 15, 2026. 21:35 • 2 daq

• 66
O‘zbekiston Prezidenti Bokuga amaliy tashrifini yakunladi

TOSHKЕNT, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugun Ozarbayjonga amaliy tashrifi yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrifning birinchi kunida O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Yetakchilar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

15-oktabr kuni mamlakatimiz yetakchisi Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi, texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusini ilgari surdi hamda iqlim barqarorligi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.

Sammit doirasida Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Laos Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Txonglun Sisulit, Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Manet va Vetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan alohida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, sammit doirasida boshqa delegatsiyalar rahbarlari bilan suhbatlashdi.

Tashrif yakunida Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shahin Mustafayev va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi. Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish