O‘zbekiston va Janubiy Koreya yangi strategik bosqichga qadam qo‘ymoqda

Sentabr 14, 2026. 08:10 • 7 daq

9
O‘zbekiston va Janubiy Koreya yangi strategik bosqichga qadam qo‘ymoqda

TOSHKENT, 14-sentabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 13­–16-sentabr kunlari O‘zbekiston Prezidenti davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyaga bo‘ladi hamda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammitida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Seul shahrida mutaxassislar hozirdanoq tarixiy deb atayotgan voqea – “Markaziy Osiyo–Koreya Respublikasi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Markaziy Osiyoning beshta davlati va Janubiy Koreya yetakchilari bir davrada to‘planib, kelgusi yillar uchun hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oladi.

Ushbu sammit O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur yirik tadbir o‘zaro munosabatlarning o‘ttiz yildan ziyod izchil davom etib kelayotgan rivojlanishning yuqori cho‘qqisi hamda ayni vaqtda yangi va yana-da ulkan bosqichning boshlang‘ich nuqtasi bo‘ladi.

Ikki xalq aloqalari tarixi asrlar qaʼriga borib taqaladi. Keng tarqalgan ilmiy talqinga ko‘ra, Samarqanddagi Afrosiyob saroyining mashhur devoriy suratlarida qadimgi Koguryo davlati elchilari tasvirlangan.

Buyuk Ipak yo‘li xalqlarni nafaqat savdo-sotiq, balki g‘oyalar, bilimlar va texnologiyalar almashinuvi orqali ham bog‘lagan. Bugun O‘zbekiston va Janubiy Koreya ushbu hamkorlikni raqamli va texnologik shaklda qayta tiklab, tarixiy xotirani zamonaviy taraqqiyot asosida rivojlantirmoqda.

Janubiy Koreya O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 30 dekabr kuni tan olgan, 1992-yil 29 yanvarda esa mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. O‘shandan buyon oliy darajada 20 ta sammit bo‘lib o‘tdi – bu siyosiy muloqotning izchilligi va shiddatidan dalolat beruvchi muhim ko‘rsatkichdir.

2006-yilda Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi muhim bosqich bo‘ldi, 2019-yilda munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

So‘nggi yillardagi siyosiy aloqalar dinamikasi kishini hayratga soladi. 4 ta sammit va BMT Bosh Assambleyasi sessiyalari doirasida oliy darajadagi 2 ta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, davlat rahbarlari telefon orqali muloqotlar qilib, siyosiy munosabatlarni yana-da mustahkamladi.

Ikki mamlakatning xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birining nomzodlari va tashabbuslarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlashi alohida eʼtiborga loyiq. Seul O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan Bosh Assambleya rezolyutsiyalariga bir necha bor hammualliflik qilgan.

YUNESKO doirasida Janubiy Koreya O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan va 2026-yil 23-aprel kuni YUNESKO Ijroiya kengashining 224-sessiyasida qabul qilingan 19 noyabrni “Xalqaro hujjatli meros kuni” deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi qaror loyihasini qo‘llab-quvvatladi hamda uning hammuallifi bo‘ldi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik o‘zaro munosabatlarning jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biridir. So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi besh barobarga oshib, 2025-yilda 2 milliard dollar ko‘rsatkichiga yaqinlashdi. 2026-yilning birinchi yarmida tovar ayirboshlash hajmi 940 million dollardan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 12 foizga o‘sdi.

Janubiy Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalarining umumiy hajmi 8 milliard dollardan oshdi. O‘zbekistonda Janubiy Koreya kapitali ishtirokida 700 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, umumiy qiymati 8,8 milliard dollarlik 60 ta sarmoyaviy loyiha hayotga tatbiq etilmoqda. 2026 yilning birinchi yarmida jalb qilingan sarmoyalar hajmi 290 million dollardan ziyod bo‘ldi.

Koreya eksport-import banki (KEXIM) va uning Iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) bilan birgalikda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 17 ta loyiha amalga oshirildi. 2024-yil iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Janubiy Koreya sammiti yakunlariga ko‘ra, EDCF bilan 2024–2027 yillarga mo‘ljallangan 2 milliard dollarlik hamkorlik dasturi imzolandi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) orqali 1995–2024-yillarda qiymati 124 million dollarlik 36 ta loyiha amalga oshirildi. Hozirda sog‘liqni saqlash, taʼlim va kasb-hunar, davlat boshqaruvi, iqlim sohalarida qiymati 200 million dollardan ortiq bo‘lgan 19 ta loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.

Hamkorlikda raqamli kun tartibi alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi sheriklik telekommunikatsiya, elektron hukumat infratuzilmasi, sunʼiy intellekt, sog‘liqni saqlash va taʼlim sohalarini qamrab olgan.

O‘zbekistonda O‘zbekiston–Koreya o‘quv-amaliy to‘qimachilik texnoparki, Nodir metallar va qotishmalar ilmiy-texnologik markazi, Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi, Elektron hukumat sohasidagi O‘zbekiston–Koreya hamkorlik markazi tashkil etilgan. Shuningdek, qurilish va kimyo texnologiyalari sohalarida hamkorlik markazlari barpo etilmoqda.

Janubiy koreyalik hamkorlar ko‘magida 2022 yilda Milliy elektron tijorat platformasi ishga tushirildi. 2024 yil mart oyida Seulda birinchi O‘zbekiston–Janubiy Koreya savdo uyi ochildi. “IT Park Uzbekistan”da Koreya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar sonini jadal o‘stirish va Janubiy Koreya bozoriga raqamli xizmatlar eksporti hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Global taʼminot zanjirlarining transformatsiyasi sharoitida muhim minerallar sohasidagi hamkorlik alohida dolzarblik kasb etmoqda. Janubiy Koreyaning milliy sanoat tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash uchun taʼminot manbalarini diversifikatsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlari O‘zbekistonning strategik xomashyo va materiallar yetkazib berish imkoniyatini taʼminlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish manfaatlariga to‘la mos keladi.

Taʼlim sohasidagi hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonlik talabalar Janubiy Koreyadagi xorijlik talabalarning soni bo‘yicha eng yirik guruhlar uchligidan joy olgan – 20 mingdan ortiq yosh yurtdoshlarimiz ushbu mamlakat oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda.

O‘zbekistonda to‘rtta universitet – Toshkentdagi Inha, Puchon, Adju hamda Farg‘onadagi Koreya xalqaro universitetining filiallari faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari Janubiy Koreyaning 45 dan ortiq universiteti va ilmiy-taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Toshkent va Seul shaharlarida ikki mamlakat yetakchi oliy o‘quv yurtlari rektorlarining forumlari bo‘lib o‘tdi.

Koreys tili 9 ta oliy o‘quv yurtida va 24 ta maktabda o‘qitilmoqda. O‘zbek tili va adabiyoti esa Janubiy Koreyaning Xankuk va Xonam universitetlarida o‘rgatilmoqda.

O‘zbekistonning 400 dan ortiq tibbiyot xodimi Janubiy Koreyaning yetakchi klinika va markazlarida malaka oshirdi va stajirovka o‘tadi. 2019 yilda Sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston–Janubiy Koreya hamkorlik markazi tashkil etildi. 2020 yilda EDCF jamg‘armasi ko‘magida Toshkent shahrida Ko‘p tarmoqli bolalar markazi qurildi.

2014 yilda Toshkentda barpo etilgan Seul bog‘i va 2019 yilda ochilgan Koreys madaniyati va sanʼati uyi ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikning yorqin ramzlariga aylandi. 2018 yilda Toshkent ko‘chalaridan biri Seul ko‘chasi – “Seoul Moon” deb qayta nomlandi va u shaharliklarning sevimli dam olish maskaniga aylandi.

2021 yil 16 dekabr kuni Seulda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali ochildi. 2025 yil iyun oyida esa Janubiy Koreya poytaxtida taniqli o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining koreys tilidagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi barqaror o‘sishda davom etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2018 yildagi 27 ming nafardan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib qariyb 45 ming nafar kishiga yetdi. 2026 yilning 7 oyi davomida O‘zbekistonga ushbu mamlakatning 27 mingga yaqin fuqarosi tashrif buyurdi.

90 yildan buyon O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqining ajralmas qismi bo‘lib kelayotgan koreys diasporasi ikki davlat munosabatlarida alohida o‘rin tutadi. Taqdir taqozosi bilan o‘zbek zaminidan panoh topgan koreyslar o‘z mehnati bilan qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, taʼlim, tibbiyot, sanoat, madaniyat va tadbirkorlik rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi. Diaspora ota-bobolarining tarixiy vatani bilan aloqalarni saqlagan holda, ikki davlat o‘rtasida do‘stlik ko‘prigi vazifasini bajarib kelmoqda.

Janubiy Koreyaga davlat tashrifi O‘zbekiston Prezidentining Seulga qariyb besh yil ichidagi ilk hamda 2025 yilda ushbu davlatda yangi Prezident saylanganidan keyingi birinchi safari bo‘ladi. “Markaziy Osiyo–Koreya Respublikasi” birinchi sammiti Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlari va Seul o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim katalizator bo‘lib xizmat qiladi.

Seuldagi ishbilarmonlar sammitida infratuzilma, qayta tiklanuvchi energiya, raqamli texnologiyalar, sog‘liqni saqlash va taʼminot zanjirlari sohalaridagi amaliy loyihalar muhokama etiladi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya yangi strategik marraga yaqinlashdi. Oldinda o‘tgan yillar davomida yaratilgan o‘zaro ishonch va do‘stlikning mustahkam poydevori hamda ikki mamlakatning mavjud boy salohiyatiga tayanib, hamkorlik ufqlarini kengaytirishdek ulkan maqsad va vazifalar turibdi.

Eng asosiysi, bu sheriklik zamirida iqtisodiy manfaatlardan-da chuqurroq maʼno mujassam. O‘zbek va koreys xalqlari qadr-qimmat, oila, kattalarga hurmat, sabr-toqat va mehnat, farzandlarga munosib kelajak yaratishga intilish kabi anʼanalarga alohida eʼtibor qaratadi. Bu mushtarak qadriyatlar zamirida xalqlarni birlashtiruvchi falsafa yotadi: kelajak o‘z-o‘zidan kelishini kutish yaramaydi, uni o‘z qo‘llarimiz bilan bunyod etishimiz lozim.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish