O‘zbekiston – Qozog‘iston: siyosiy ishonchdan texnologik sheriklik sari

Iyul 29, 2026. 08:10 • 4 daq

94
O‘zbekiston – Qozog‘iston: siyosiy ishonchdan texnologik sheriklik sari

TASHKENT, 29-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Qozog‘istonga boradi va Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan “Kelajak o‘yinlari” uchinchi xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 23 noyabr kuni o‘rnatilgan. Biroq o‘zaro aloqalarning bugungi dinamikasi nafaqat diplomatik munosabatlarning davomiyligi, balki siyosiy muloqotning yuqori surʼati bilan belgilanadi.

So‘nggi o‘n yil ichida ikki davlat rahbarlarining qator o‘zaro davlat tashriflari amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining 2017, 2021 va 2024-yillarda Qozog‘istonga, shuningdek, Qozog‘iston Prezidentining 2019, 2022 va 2025-yillarda O‘zbekistonga davlat tashriflari bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, 2023-yildan buyon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvlari va amaliy tashriflari ham o‘tkazib kelinmoqda.

Siyosiy hamkorlik ikki tomonlama kun tartibi doirasidan ancha keng qamrovga ega. Qozog‘iston O‘zbekistonning BMT, SHHT, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari hamda “MO+” formatlari doirasidagi tashabbuslarini muntazam qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida sanoat kooperatsiyasi, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, turizm, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va kadrlar tayyorlash masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Bu ko‘p qirrali hamkorlik mexanizmlari tizimi ikki tomonlama sheriklik faqat davlat rahbarlari darajasida emas, balki barqaror ijro vertikali asosida rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Yaʼni siyosiy qarorlar hukumatlararo komissiyalar, ishchi guruhlar va hududlar o‘rtasidagi hamkorlik orqali izchil amalga oshirilmoqda. Aynan shunday institutsional tuzilma siyosiy kelishuvlarni aniq loyihalar va amaliy natijalarga aylantirish imkonini bermoqda.

Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yirik uchta tashqi savdo hamkoridan biri hisoblanadi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasining 57 foizi aynan Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘z navbatida, 2025-yil O‘zbekistonning Qozog‘istonning mintaqa davlatlari bilan tovar aylanmasidagi ulushi 55,8 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar nafaqat O‘zbekiston va Qozog‘iston, balki butun mintaqa iqtisodiyoti uchun ham tizimli ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Iqtisodiy hamkorlikning tarkibiy tuzilmasi bosqichma-bosqich yana-da diversifikatsiyalashib bormoqda. O‘zbekistonning asosiy eksport yo‘nalishlari qatoriga transport vositalari va ehtiyot qismlar, mexanik uskunalar, oziq-ovqat va sanoat tovarlari, to‘qimachilik, kimyo va tamaki mahsulotlari, qora metallar va ichimliklar kiradi.

Qozog‘iston esa O‘zbekistonga kimyo, don va un-yorma sanoati mahsulotlari, qora metallar, oziq-ovqat, mineral yoqilg‘i va elektr energiyasi, rudalarni yetkazib beradi.

Yanada muhim jihat shundaki, sheriklik oddiy savdo munosabatlaridan sanoat kooperatsiyasi bosqichiga o‘tmoqda. 2022-yilda qo‘shma loyihalar va import o‘rnini bosish dasturlarining amalga oshirilishini monitoring qilish maqsadida tashkil etilgan Hukumatlararo ishchi guruh energetika, kimyo sanoati, transport, mashinasozlik, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika tarmog‘i, infratuzilma hamda farmatsevtika sohalaridagi hamkorlik masalalari bilan shug‘ullanmoqda.

Bu jarayonda Hukumatlararo komissiya, Hududlararo hamkorlik forumi va Ishbilarmonlar kengashi kabi mexanizmlar muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirish nafaqat markaziy hukumatlar darajasida, balki yaqinda tashkil etilgan viloyatlar rahbarlari kengashi orqali ham taʼminlanishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu kengash ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarning yangi mexanizmiga aylanishi kutilmoqda.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, ikki tomonlama sheriklik tobora o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi xususiyat kasb etmoqda. Uning barqarorligi endi faqat bir yo‘nalishga emas, balki savdo, ishlab chiqarish va investitsiyaviy aloqalarning uyg‘unligiga tayanmoqda.

Bo‘lajak turnirning ko‘lami uning xalqaro ahamiyatini yana-da yaqqol namoyon qiladi. Musobaqada 50 dan ortiq mamlakatdan qariyb 900 nafar sportchi ishtirok etadi, tomoshabinlar soni esa 100 ming nafardan oshishi kutilmoqda. Musobaqa dasturiga sakkizta yo‘nalish kiritilgan: fijital-futbol, fijital-basketbol, fijital-shuterlar, fijital yakkakurashlar, fijital raqslar, “MOBA Mobile”, “MOBA PC” va qirollik jangi.

O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga bo‘lajak tashrifi turnirning ochilish marosimida ishtirok etish doirasidan ancha keng mazmunga ega. U Markaziy Osiyoda siyosiy ishonch, iqtisodiy integratsiya, texnologik hamkorlik va innovatsion xalqaro tashabbuslarni birgalikda ilgari surishga asoslangan yangi mintaqaviy munosabatlar modelining shakllanayotganini aks ettiradi. Shu maʼnoda, “Kelajak o‘yinlari” nafaqat sport tadbiri, balki mintaqa taraqqiyotining yangi bosqichiga o‘tish ramzi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish