Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston tashqi siyosat makonini izchil kengaytirib bormoqda

Iyul 11, 2026. 10:00 • 3 daq

137
Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston tashqi siyosat makonini izchil kengaytirib bormoqda

ANQARA, 11- iyul /“Dunyo” AA/. Turkiyadagi Rossiya va MDH davlatlari tadqiqotlari instituti (RUSEN) direktori, professor Salih Yilmaz “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8-9 - iyul kunlari Belarusga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Xalqaro siyosatda har qanday davlat tashrifi ham katta voqeaga aylanavermaydi. Ularning aksariyati ma’lum ssenariy asosida o‘tadi: tantanali marosimlar, o‘zaro iltifotlar, birgalikda suratga tushish va tez orada unutiladigan kelishuvlar. Biroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga tashrifini bunday baholab bo‘lmaydi.

O‘zbekiston yetakchisining tashqi diplomatik faoliyati ortida muhim tamoyil ko‘zga tashlanmoqda. O‘zbekiston o‘z tashqi siyosati qamrovini izchil ravishda kengaytirmoqda. Bugungi Toshkent Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi geosiyosiy tanlov mantig‘i asosida ish ko‘rmayapti. U boshqacha yo‘l tutmoqda: qayerda o‘zaro manfaat bo‘lsa, o‘sha yerda hamkorlik paydo bo‘ladi.

Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi, shubhasiz, tashrifning asosiy voqeasidir. Biroq ushbu deklaratsiyani aysbergning uchi sifatida baholash mumkin. Ushbu hujjat asosida rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar esa ancha qiziqarli. Gap sanoat kooperatsiyasi va qishloq xo‘jaligidan tortib, ta’lim, fan, raqamli texnologiyalar hamda ijtimoiy siyosatgacha bo‘lgan o‘nlab yo‘nalishlar haqida ketmoqda. Boshqacha aytganda, munosabatlar tizimli tus olmoqda.

Bu kabi sheriklik aloqalari negizida o‘zbek diplomatiyasining yangi falsafasi namoyon bo‘lmoqda. Bir necha yil avval bunday tashriflar asosan siyosiy qo‘llab-quvvatlash namoyishi sifatida qabul qilingan bo‘lsa, bugunga kelib ular iqtisodiy rivojlanish vositasiga aylanmoqda. Har bir safar aniq natija berishi shart: yangi investitsiyalar, bozorlar, ish o‘rinlari va biznes uchun zarur imkoniyatlar.

O‘zbekiston fuqarolarini Belarusda tegishli qonun-qoidalar asosida ishga joylashtirish to‘g‘risidagi kelishuv ham diqqatga sazovor. Bugungi kunda ko‘plab mamlakatlar nafaqat sarmoya, balki inson resurslari uchun ham raqobatlashmoqda.

Belarusda kadrlar tanqisligi kuzatilayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston yosh va malakali mutaxassislar salohiyatiga ega davlatdir. Agar bu mexanizm samarali ishga tushsa, har ikki tomon ham yutadi.

O‘zbekiston–Belarus ekspertlar kengashining tuzilishi ham muhim ahamiyatga ega. Bu tashabbus siyosiy yetakchilar belgilab bergan yo‘nalishlarni ilmiy-amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi, ekspertlar hamjamiyati esa uni aniq mazmun bilan to‘ldiradi.

Turkiyada O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyati diqqat bilan kuzatib borilmoqda. Toshkent nafaqat xalqaro aloqalar ko‘lamini kengaytirishga, balki bundan ham muhimroq maqsadni ko‘zlayotgani tobora ayon bo‘lmoqda.

Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Minskka amalga oshirgan tashrifini alohida diplomatik voqea sifatida emas, balki O‘zbekistonning uzoq muddatli strategiyasidagi navbatdagi qadam sifatida baholash lozim. Bugun yurtingiz mintaqaviy jarayonlarning oddiy ishtirokchisi emas, balki ularning me’moriga aylanishga harakat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish