O‘zbekiston–O‘mon: tarixiy mushtaraklik, siyosiy muloqot va iqtisodiy hamkorlik istiqbollari

Noyabr 17, 2026. 08:10 • 7 daq

• 32
O‘zbekiston–O‘mon: tarixiy mushtaraklik, siyosiy muloqot va iqtisodiy hamkorlik istiqbollari

TOSHKЕNT, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki kunlik davlat tashrifi bilan O‘monga bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Respublikasi va O‘mon Sultonligi o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va umumiy tarixiy-madaniy qadriyatlarga asoslangan. Geografik jihatdan turli mintaqalarda joylashgan ikki mamlakatni asrlar davomida shakllangan savdo yo‘llari, ilm-fan va madaniyat sohasidagi aloqalar hamda islom sivilizatsiyasining mushtarak merosi bog‘lab turadi.

Bugungi kunda ushbu tarixiy yaqinlik siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati hamda O‘monning mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yondashuvi o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. 

Ayniqsa, investitsiyalar, transport va logistika, turizm, ta’lim, madaniyat hamda zamonaviy texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik istiqbollari alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘mon O‘zbekistonning davlat mustaqilligini 1991 yil dekabr oyida tan olgan. 1992-yil 22-aprel kuni ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlarning o‘rnatilishi o‘zaro hamkorlikning rasmiy-huquqiy asosini yaratdi.

2009-yil O‘zbekiston Respublikasi va O‘mon Sultonligi hukumatlari o‘rtasida Toshkent shahrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kutubxonasi binosini qurish bo‘yicha bitim imzolangan. Ushbu hujjat doirasida O‘mon tomonidan beg‘araz ajratilgan 20 million dollar mablag‘ hisobiga Toshkent shahrida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondining yangi kutubxonasi qurib foydalanishga topshirilgan.

2010-yil aprel oyida Toshkentda O‘mon Sultonligi elchixonasi, 2018-yil iyul oyida Maskatda O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2024–2026-yillarda amalga oshirilgan ikki davlat idoralari vakillarining o‘zaro tashriflari sheriklik munosabatlariga yangi sur’at bag‘ishladi.

2024-yil 15-aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari” strategik muloqoti doirasida tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi tashkil etildi. Unda O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaidiy qatnashdi. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi.

Badr bin Hamad al-Busaidiyning 2025 yilda ham mamlakatimizga tashrif buyurishi ikki tomonlama siyosiy muloqot izchil davom etayotganini ko‘rsatdi. Oliy darajadagi uchrashuvlar, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar va parlamentlararo aloqalar o‘zaro munosabatlarning institutsional asoslarini mustahkamlamoqda.

Joriy yil 26-29-oktyabr kunlari O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya O‘mon Sultonligiga safar qildi. Tashrif doirasida O‘mon Maslahat kengashi raisi Xolid al-Maavali hamda Davlat kengashi raisi Shayx Abdulmalik bin Abdulloh al-Xaliliy bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda parlamentlararo muloqot va tajriba almashinuvi har ikki mamlakat uchun ham manfaatli ekani ta’kidlandi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishdir. 

Savdo ko‘rsatkichlari mamlakatlarning iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun hali keng imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi. Shu nuqtayi nazardan, tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va yangi bozorlarga chiqish muhim vazifalardan hisoblanadi.

Hozirda O‘zbekistonda O‘mon kapitali ishtirokida 8 ta korxona, jumladan, 3 ta qo‘shma va 5 ta xususiy korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. “O‘zbekiston–O‘mon” investitsiya kompaniyasi tomonidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida umumiy qiymati 255,7 million dollar bo‘lgan 15 ta loyiha moliyalashtirilgan.

Iqtisodiy hamkorlikni muvofiqlashtirishda O‘zbekiston–O‘mon Hukumatlararo qo‘shma komissiyasi muhim o‘rin tutadi. 2025 yil 12 iyun kuni Toshkentda komissiyaning beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

2026 yil 16–18 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida O‘mon iqtisodiyot vaziri Xamis al-Jabriy boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Forum doirasida O‘mon delegatsiyasi bilan oliy darajadagi uchrashuv ham o‘tkazildi.

Joriy yil 29-sentyabr – 2-oktyabr kunlari O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning Masqatga tashrifi davomida umumiy qiymati 5,3 milliard dollarga teng savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalar paketi shakllantirildi. Ushbu tashabbuslar o‘zaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

O‘zbekiston Prezidenti joriy yil 16-oktyabr kuni Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan O‘monning “Voltamp Energy” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Sayyid Ayman al-Busaidiyni qabul qildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, quyosh elektr stansiyalarini barpo etish va yuqori kuchlanishli transformatorlar ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda transport va logistika sohasi alohida ahamiyatga ega. O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi geografik o‘rni hamda O‘monning dengiz portlari orqali xalqaro savdo yo‘llariga chiqish imkoniyatlari o‘zaro manfaatli transport hamkorligini rivojlantirish uchun zamin yaratadi.

O‘zbekiston eksport yo‘nalishlarini kengaytirish maqsadida O‘mon portlari, erkin iqtisodiy zonalari va logistika infratuzilmasi imkoniyatlaridan foydalanishdan manfaatdor. Bu borada “Sohar” erkin iqtisodiy zonasida O‘mon–O‘zbekiston qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2026-yilda O‘monning “Asyad” guruhi O‘zbekistondagi ikkita yirik logistika markazi va platformasida salmoqli ulushga ega bo‘ldi.

Amaliy hamkorlikning yana bir muhim natijasi 2026-yil iyul oyidan Toshkent va Maskat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. “Oman Air” aviakompaniyasi tomonidan haftasiga ikki marta amalga oshirilayotgan parvozlar ishbilarmonlik aloqalari, turizm va xalqlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston va O‘mon munosabatlarida madaniy-gumanitar hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Ikki mamlakatni umumiy islomiy qadriyatlar, tarixiy merosga hurmat, ilm-fan va ma’rifatga bo‘lgan e’tibor birlashtirib turadi. Madaniyat, ta’lim, turizm va ilmiy almashinuvlarga qaratilgan tashabbuslar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

2025-yilda madaniy aloqalar yanada faollashdi. O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva 18–21-yanvar kunlari Maskatda bo‘lib o‘tgan “So‘fiy musiqasi” festivalida ishtirok etdi. O‘monning madaniyat sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Bayt az-Zubeyr” fondi tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro tadbirda O‘zbekistonning boy madaniyati, tarixi va an’analari targ‘ib qilindi.

2025-yil 6–7-iyul kunlari O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiyaning O‘monga tashrifi doirasida mamlakatimizning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan “Road Show” tadbirlari o‘tkazildi.

Ta’lim sohasidagi o‘zaro almashinuvlar ham izchil rivojlanmoqda. 2025-yilda Sulton Qobus nomidagi arab tilini o‘rgatish institutida o‘zbekistonlik 35 nafar arab tili o‘qituvchisi va talabasi uchun ikki oylik malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Shuningdek, 2025-yil 11–17-may kunlari Toshkentda o‘monlik yosh diplomatlar uchun, 2026-yil 11–15-fevral kunlari esa Maskatdagi O‘mon diplomatik akademiyasida o‘zbekistonlik yosh diplomatlar uchun o‘quv kurslari o‘tkazildi.

Ikki mamlakat o‘rtasida ilmiy va texnologik hamkorlikning yangi yo‘nalishlari ham shakllanmoqda. 2025 yil noyabr oyida “O‘zbekkosmos” agentligi delegatsiyasining Maskatga tashrifi davomida “OmanLens” va “Mars Development and Investment” kompaniyalari o‘rtasida kosmik texnologiyalar sohasidagi kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston–O‘mon munosabatlari uzoq tarixga ega. Markaziy Osiyo va Arabiston yarimoroli o‘rtasidagi aloqalar asrlar davomida savdo yo‘llari, dengiz qatnovlari, ilm-fan va diniy-ma’rifiy muloqot orqali rivojlangan. Bu jarayonlarda Movarounnahrning yirik ilm-fan markazlari – Samarqand va Buxoro alohida o‘rin tutgan.

O‘mondagi ayrim me’moriy obidalar va madaniy inshootlarda Markaziy Osiyo islom me’morchiligiga xos bezaklar hamda badiiy yechimlardan ilhomlangan uslublarni uchratish mumkin. Xususan, Maskatdagi O‘mon milliy muzeyining me’moriy qiyofasida Buxorodagi Mir Arab madrasasini eslatuvchi bezaklar mavjud.

Sulton Qobus masjidi va Sohar shahridagi Sulton Qobus jome masjidi bezaklarida ham Markaziy Osiyo me’morchilik an’analariga xos ayrim naqshlar va uslubiy xususiyatlar ko‘zga tashlanadi. Bunday misollar ikki mintaqaning umumiy islomiy badiiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish uchun muhim ahamiyatga ega.

Ikki mintaqa o‘rtasidagi tarixiy munosabatlarni o‘rganishda temuriylar davridagi diplomatik safarlar ham muhim manba hisoblanadi. XV asrda yashagan tarixchi va davlat arbobi Abdurazzoq Samarqandiy o‘zining “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” asarida 1442-yilda Hindistonga yuborilgan elchilik safari haqida ma’lumot bergan.

Uning ma’lum qilishicha, elchilar Hirotdan yo‘lga chiqib, Maskat sohillariga yetib kelgan va kema bilan bog‘liq masala tufayli O‘mon hududida bir necha oy qolgan. Bu ma’lumotlar O‘monning o‘rta asrlarda ham xalqaro dengiz qatnovlari va diplomatik safarlar bilan bog‘liq muhim hududlardan biri bo‘lganini ko‘rsatadi.

Tarixiy manbalar, me’moriy obidalar va ilmiy merosni birgalikda o‘rganish O‘zbekiston–O‘mon munosabatlarining ma’naviy asoslarini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi. Bunday tadqiqotlar ilmiy muassasalar, muzeylar, arxivlar va universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi yo‘nalishlarni ochishga zamin yaratadi.

Umuman olganda, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi munosabatlar siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarni qamrab olgan ko‘p qirrali sheriklik sifatida rivojlanmoqda. Diplomatik munosabatlarning mustahkam huquqiy asosi, oliy darajadagi uchrashuvlar va muntazam siyosiy maslahatlashuvlar ikki tomonlama hamkorlikni izchil davom ettirishga xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, O‘zbekiston va O‘monni bog‘lab turgan tarixiy-madaniy mushtaraklik bugungi hamkorlikka ma’naviy mazmun bag‘ishlaydi. Ushbu merosni asrab-avaylash va rivojlantirish ikki mamlakat munosabatlarining kelgusi taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish