Nemis turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan tanishdi
Dekabr 23, 2025. 10:52 • 2 daq
• 140
XAYLBRONN, 23-dekabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning yetakchi iqtisodiy hududlarida O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish va Germaniya sayyohlik kompaniyalarini hamkorlik istiqbollari bilan tanishtirishga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muhim iqtisodiyot va sanoat markazlaridan biri sanalgan Xaylbronn shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda turkompaniyalar, mahalliy turfirmalar, turoperatorlar hamda yurtimizga sayohat qilish istagida bo‘lgan jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida elchixona vakillari ishtirokchilarni qutlab, Yangi O‘zbekiston va uning dunyo hamjamiyatidagi oshib borayotgan nufuzi, amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida erishilgan yutuqlar bilan tanishtirdi. Ayniqsa, turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan keng qamrovli chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, mamlakatimiz 2024 yildan boshlab o‘n million turist keladigan top davlatlar qatoridan joy olgani, sayohat uchun dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri, deya tan olingani haqida maʼlumot berildi.
“O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari” mavzusidagi taqdimotda nafaqat Buyuk Ipak yo‘lining durdonalari bo‘lgan qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari, balki boshqa hududlarda ochilgan yangi turistik obyektlar ham namoyish etildi. Ishtirokchilarga davlatimiz tomonidan xorijiy sayyohlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va imtiyozlar, yuqori sifatli mehmonxonalar va gastronomik xizmatlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar va tezyurar poyezdlar, Germaniya fuqarolari uchun 30 kungacha bo‘lgan muddatga viza olish imkoniyati haqida so‘zlab berildi.
Bundan tashqari, uzoq yillar davomida sayyohlik kompaniyalarimiz bilan hamkorlik qilib kelayotgan germaniyalik hamkorlar “O‘zbekistonga sayohat qiling!” mavzusida taqdimotlar o‘tkazib, germaniyalik sayyohlar uchun eng jozibador bo‘lgan yo‘nalishlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, ko‘p yillar yurtimizda gidlik faoliyatini yuritgan va hozirda Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshimiz Akbar Faxriyev ham shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Uning taʼkidlashicha, yurtimizga sayohat nafaqat yangi ufqlarni ochadi, balki sayyohlarning maʼnaviy va madaniy boyishiga hissa qo‘shadi.
“Sparkasse” fondining halqaro hamkorlik dasturi doirasida banklarning moliyaviy rivojlantirish loyihasi bo‘yicha 15 yildan buyon Markaziy Osiyo, ayniqsa, O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlayman va O‘zbekiston mening ikkinchi vatanimga aylangan. Shu sababli, mamlakatga qiziqqan yurtdoshlarim uchun yilda ikki marta sayohat ham uyushtiraman”, – deya taʼkidladi Natasha Mundinger.
Mamlakatimizning jozibador turizm salohiyati Turizm qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan film va videomateriallar orqali ham namoyish etildi. Ishtirokchilarga turli yo‘nalishlar va viloyatlar turizm imkoniyatlari haqida tarqatma materiallar tarqatildi. Mehmonlarga o‘zbekona dasturxon tuzalib, yurtimiz gastronomik turizm imkoniyatlari taqdim qilindi. Havaskor vatandoshlarimiz ijrosidagi milliy kuy va raqs tadbirga o‘zgacha shukuh baxsh etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Yaponiya o‘rtasida sayyohlar almashinuvi rivojlanmoqda
Chexiyada o‘zbek madaniyati va turizm imkoniyatlari namoyish qilindi
Londonda britaniyalik ekspertlar bilan tibbiy turizm istiqbollari muhokama qilindi