“O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasi Pokiston OAVda keng yoritildi
Dekabr 23, 2025. 13:16 • 2 daq
• 68ISLOMOBOD, 23-dekabr. /“Dunyo” AA/. Islomobod shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasi Pokistondagi nufuzli ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Pokistonning “The Dispatch News Desk” (DND), “Diplomatic News Agency” (DNA) axborot agentliklari, “Global News Pakistan”, “Pakistan In The World”, “The Diplomatic Insight”, “Peak Point”, “Centreline”, “Islamabad Mail”, “Diplomatic Affairs”, “New Network Pakistan”, “Islamabad Post” elektron nashrlari va “Islomobod Post”, “The Province”, “The Financial Times”, “Pakistan Observer”, “Daily Times”, “Daily Khabrain” gazetalari markaziy telekanallar va eng ommabop ijtimoiy tarmoqlarda turkum maqola hamda videomateriallar eʼlon qilindi.
Ularda O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Pokiston Milliy sanʼat galereyasida bir guruh pokistonlik fotomuxbirlarning shu yil 2-7 avgust kunlari yurtimizga amalga oshirgan press-turi yakunlariga bag‘ishlangan “O‘zbekiston pokistonlik fotosuratchilar nigohida” fotoko‘rgazmasining ochilish marosimi va maxsus fotoalbomning taqdimoti tashkil etilgani xabar qilingan.
Maʼlum qilinganidek, ko‘rgazmaning ochilish marosimida Pokiston axborot va radioeshittirish vaziri Ataulla Tarar hamda Milliy meros va madaniyat vaziri Avrangzeb Xan Xichi asosiy mehmon sifatida qatnashdi.
“O‘zbekiston elchisi o‘zining qutlov nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, maʼnaviy va madaniy rishtalar, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olim va ulamolar, ularning davlatlarimiz madaniy-maʼnaviy hayotida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi. “Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan pokistonlik fotomuxbirlar ijodiga mansub suratlarda Samarqand, Buxoro, Toshkent, Andijon, Farg‘ona kabi shaharlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi, Islom olamining ilmiy va maʼnaviy markazlari sifatidagi o‘rni, maʼnaviy merosi va zamonaviy taraqqiyoti yuksak mahorat bilan ochib berilgan”, – deya diplomatik missiya rahbari so‘zlaridan iqtibos keltirgan Pokiston OAV.
Taʼkidlanganidek, Pokiston axborot va radioeshittirish federal vaziri Ataulla Tarar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida shakllangan yaqin hamkorlik aloqalariga to‘xtaldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik, ishonch, o‘zaro hamkorlik va hurmatga asoslanishini taʼkidladi.
Eʼlon qilingan materiallarda Pokiston axborot va radioeshittirish federal vaziri Ataulla Tararning qo‘yidagi so‘zlari keltirilgan: “Pokiston va O‘zbekistonni mustahkam rishtalar – din, madaniyat, umumiy tarix va mushtarak kelajak bog‘lab turadi. Ushbu ko‘rgazma munosabatlarimizning go‘zal ifodasi bo‘ldi. Lahor qalʼasi va Buxoro Arkini olaylik – ikkalasi ham meʼmorchilik sanʼatining yuksak namunalari, deyish mumkin. Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan asarlarni, nafaqat Islomobodda, balki Pokistonning boshqa hududlarida ham ko‘rsatishimiz kerak. Chunki, hamma ham bu yerga kelib ushbu suratlarni tomosha qilish imkoniga ega emas”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
CNN Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida so‘z yuritdi




