“Nezavisimaya gazeta”: O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida yirik iqtisodiy loyihalarga yo‘l ochilmoqda
Iyul 06, 2026. 16:30 • 2 daq
• 77
MOSKVA, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning yetakchi “Nezavisimaya gazeta”sida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik hamkorlikning yangi bosqichiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, Toshkent va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar siyosiy deklaratsiyalar darajasidan yirik investitsiyaviy hamda savdo shartnomalarini amalga oshirish bosqichiga o‘tmoqda. Ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida muhim foydali qazilmalar, energetika, aviatsiya, moliya, raqamli texnologiyalar (IT) va qishloq xo‘jaligi sohalari ko‘rsatib o‘tilgan.
Nashrda AQSH Savdo vakili Jeymison Grirning yaqinda Toshkentga amalga oshirgan tashrifiga alohida eʼtibor qaratilgan. Mazkur tashrif ikki tomonlama aloqalarni yana-da faollashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Vashington O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Bu esa mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Qayd etilishicha, Amerikaning “Orion Critical Mineral Consortium” kompaniyasi barqaror taʼminot zanjirlarini yaratish maqsadida O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda hamda qiymati 20 milliard dollar bo‘lgan global loyihalar portfelini shakllantirishni maqsad qilgan.
Maqola yakunida ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shma moliyaviy infratuzilma va keng ko‘lamli biznes loyihalarini hayotga tatbiq etish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiluvchi Ishbilarmonlar kengashi faoliyati izchil rivojlanayotgani taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi