Ashxoboddagi ko‘rgazmada “Made in Uzbekistan” brendi namoyish qilindi
May 16, 2026. 10:00 • 2 daq
• 118ASHXOBOD, 16-may. /“Dunyo” AA/. Ashxobodda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va qadoqlash texnologiyalariga bag‘ishlangan “Agro Pack Turkmenistan – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir doirasida oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, issiqxona xo‘jaligi, sug‘orish tizimlari hamda chorvachilik va parrandachilik sohalaridagi ilg‘or yutuqlar va texnologik yechimlar namoyish qilindi.
Ishtirokchilar innovatsiyalarni joriy etish, eksport salohiyatini kengaytirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy ekspozitsiyasini “Made in Uzbekistan” brendi ostida birlashgan “Ermak”, “Euro Pack”, “Asia Pack”, “Eurosnab”, “Chagay Plus” va “Elma” kompaniyalari namoyish etdi.
Milliy ekspozitsiyamiz ishtirokchilar va mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘rgazma mehmonlari mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sifati, zamonaviy dizayni va raqobatbardoshligini yuqori baholadi.
Tadbir doirasida o‘zbekistonlik tadbirkorlar Turkmaniston va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan qator B2B formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha eksport hajmini oshirish, hamkorlikni kengaytirish va yangi shartnomalar imzolash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








