O‘zbekiston Sverdlovsk va Tyumen viloyatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytiradi
Oktabr 02, 2026. 14:30 • 3 daq
• 118YEKATЕRINBURG-TYUMЕN, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov boshchiligidagi delegatsiyaning Sverdlovsk va Tyumen viloyatlariga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida ta’lim, savdo-iqtisodiy hamkorlik, mehnat migratsiyasi, kadrlar tayyorlash, turizm va gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Sverdlovsk viloyatida Ural davlat temir yo‘llari universiteti rahbariyati bilan muzokaralarda O‘zbekistonning transport sohasidagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, ikki diplomli ta’lim tizimini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Kelgusida qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Xizmat safari davomida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Yekaterinburg shahrida tantanali qabul tashkil etildi. Unda Sverdlovsk viloyati va Yekaterinburg shahri rahbariyati, diplomatik korpus, savdo-sanoat palatalari, oliy ta’lim muassasalari, biznes vakillari hamda vatandoshlardan iborat 300 ga yaqin mehmon ishtirok etdi.
Ural federal okrugida tashkil etilgan uchrashuvda ushbu hududda yashayotgan vatandoshlarga ta’lim olish va xorijdagi faoliyati davomida mahalliy qonun-qoidalarga rioya qilish, bilim va ko‘nikmalarini kelgusida O‘zbekiston taraqqiyotiga yo‘naltirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Sverdlovsk viloyatida “Everton” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvda O‘zbekistondan yeryong‘oq eksportini yo‘lga qo‘yish, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va vatandoshlarni tashkillashtirilgan tartibda ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Kompaniyada mehnat qilayotgan 100 nafardan ortiq hamyurtlar bilan sayyor qabullar o‘tkazildi.
Tyumen viloyatida Rossiyaning yirik neft-kimyo korxonalaridan biri – “ZapSibneftexim” AJ rahbariyati bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, kelgusi qo‘shma tadbirlar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Korxonada mehnat qilayotgan 400 nafardan ortiq vatandosh bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning murojaat va masalalari ko‘rib chiqildi.
Tyumen viloyati Savdo-sanoat palatasi hamda mahalliy kompaniyalar bilan muzokaralarda esa O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlash, kasbiy kadrlar tayyorlash va ta’lim-ishlab chiqarish hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Tyumen shahrida qurilish sohasida 600 nafar, neftni qayta ishlash korxonalarida esa 1,5 ming nafardan ortiq ishchiga ehtiyoj mavjudligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi kasb-hunar kollejlari bilan Tyumen viloyatidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida maqsadli kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Qo‘qon, Qarshi va Buxoro shaharlaridagi neft-gaz yo‘nalishidagi kasb-hunar ta’lim muassasalari bilan hamkorlikka qiziqish bildirildi.
Tashrifning muhim natijalaridan biri Tyumen viloyati gubernatori Aleksandr Moor bilan uchrashuv bo‘ldi. Unda O‘zbekiston hududlari bilan Tyumen viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tadbirlar hajmi 2026-yilda uch barobar oshgani qayd etildi. Tomonlar savdo, eksport-import, turizm, investitsiya va mehnat sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Ushbu xizmat safari O‘zbekistonning Rossiyaning muhim sanoat va iqtisodiy markazlari – Sverdlovsk va Tyumen viloyatlari bilan amaliy hamkorligini kengaytirish, yangi eksport yo‘nalishlarini ochish, kadrlar tayyorlash va mehnat migratsiyasini tashkillashtirishga qaratilgan qator tashabbuslarni shakllantirish imkonini berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




