Malayziyada O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi

Oktabr 02, 2026. 14:00 • 2 daq

• 108
Malayziyada O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi

KUALA-LUMPUR, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Malayziya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda investitsiya va ishbilarmonlik muhitni tubdan yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, xususan, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori izchil o‘sib, 2025-yilda 43 milliard dollardan oshgani ta’kidlandi. 

Shuningdek, ishtirokchilarga O‘zbekistonning eksport salohiyati, meva-sabzavot, to‘qimachilik, kimyo va rangli metallar mahsulotlarini Malayziyaga yetkazib berish imkoniyatlari taqdim etildi. Erkin iqtisodiy zonalarda yaratilayotgan soliq imtiyozlari va qulay shart-sharoitlar xorijiy investorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Malayziyalik tadbirkorlar mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlarni yuqori baholadilar. Xususan, “Masuria Travel Sdn Bhd” rahbari Enaz Suria ishtirokchilarni O‘zbekiston hududlariga tashrif buyurib, yangi imkoniyatlarni kashf etishga chaqirdi. “NC Civil Construction and Engineering” hamda “Klinik InoCare” kompaniyalari vakillari esa qurilish va tibbiyot turizmi sohalarida qo‘shma loyihalarni boshlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Muzokaralar yakunida 2027-yilning birinchi yarmida Malayziya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga biznes-tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish