O‘zbekiston madaniyat vaziri Turkiyada xalqaro teatr mukofotiga sazovor bo‘ldi

Oktabr 02, 2026. 13:00 • 2 daq

• 92
O‘zbekiston madaniyat vaziri Turkiyada xalqaro teatr mukofotiga sazovor bo‘ldi

ANTALIYA, 2-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov II Xalqaro O‘rta Yer dengizi teatr mukofotining “Turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur mukofot Turkiyaning “Tiyatro Gazetesi” nashri tashabbusi bilan madaniyat va teatr san’ati sohasida faoliyat yuritayotgan ijodkorlar, mutaxassislar hamda soha vakillarining mehnatini e’tirof etish maqsadida tashkil etildi.

Bu yilgi taqdirlash marosimi Antaliyaning Kepez tumanida o‘tkazilib, unda 8 nafar xorijlik va 29 nafar turkiyalik ijodkor hamda soha xodimi taqdirlandi.

Marosimda birinchi bo‘lib O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning nomi e’lon qilindi. Xalqaro mukofotni vazir nomidan O‘zbekistonning Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY)dagi vakili Shavkat Ortiqov qabul qilib oldi va ishtirokchilarga Ozodbek Nazarbekovning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Shavkat Ortiqov O‘zbekistonda Prezident rahbarligida madaniyat va san’at sohasi, xususan, teatr san’atini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida ma’lumot berdi. Joriy yil 1-iyun kuni soha vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng mazkur yo‘nalishda yangi tashabbuslar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekistonning turkiy dunyo mamlakatlari bilan madaniy-gumanitar hamkorligi izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Xususan, TURKSOY doimiy kengashi qarori bilan Andijon shahrining 2026 yilda Turkiy dunyo madaniyati poytaxti deb e’lon qilingani, ushbu maqom doirasida Andijonda qator xalqaro madaniy tadbirlar o‘tkazilayotgani e’tirof etildi.

Turkiyalik tashkilotchilar tomonidan O‘zbekiston madaniyat vaziriga mazkur xalqaro mukofotning berilishi mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, teatr san’atini rivojlantirish borasidagi tashabbuslar hamda O‘zbekistonning turkiy dunyo madaniy makonidagi faol ishtirokiga bo‘lgan xalqaro e’tiborni namoyon etdi.

Taqdirlash marosimi yakunida barcha g‘olib va nomzodlarga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. Kepez tumani teatr jamoasi tomonidan tayyorlangan teatrallashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish